Qonunchilik palatasi Spikeri Finlyandiya elchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 21 Aprel 2022 1232

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov Finlyandiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi I.Ryaysyanenni qabul qildi.

    Muloqot avvalida Spiker N. Ismoilov I.Ryaysyanenni mamlakatimizga elchi etib tayinlangani bilan samimiy qutlab, masʼuliyatli va sharafli diplomatik missiyani amalga oshirishida unga muvaffaqiyatlar tiladi.

    Yuqori martabali mehmonga bugungi kunda mamlakat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati xususida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, mamlakatimiz parlamentining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qoʻmita va fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida soʻzlab berildi.

    Oʻz navbatida, I.Ryaysyanen Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar oʻzining ijobiy samarasini berayotganini eʼtirof etib, Oʻzbekiston-Finlyandiya oʻrtasidagi aloqalar — parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda bor imkoniyatini ishga solishini aytib oʻtdi.

    Suhbat davomida parlament delegatsiyalari almashinuvini faollashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida hamkorlik qilish, qonunchilik hujjatlari, axborot-tahliliy materiallar bilan almashinuvni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

    Muloqot yakunida tomonlar ikki mamlakatning nafaqat parlamentlararo, balki boshqa soha va yoʻnalishlarining rivojlanishi borasida oʻzaro fikr almashinuvlari orqali tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.