Qonunchilik palatasida Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Joriy yil 19-avgustda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi inson huquqlari markazlari vakillarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    XXR delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida boʻlib oʻtdgan uchrashuvda Oʻzbekiston Respbulikasi delegatsiyasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, XXR delegatsiyasiga 14-chaqiriq Umumxitoy qoʻmitasi Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining doimiy aʼzosi, Milliy va diniy ishlar boʻyicha komissiya boshligʻining oʻrinbosari, Xitoy inson huquqlarini oʻrganish boʻyicha jamiyatining ijrochi vitse-prezidenti Szyan Szyango rahbarlik qildi.

    Suhbat chogʻida Xitoy delegatsiyasi aʼzolariga Oʻzbekistonning milliy qonunchiligi va inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi asosiy oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, Inson huquqlari boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan milliy strategiya loyihasi ishlab chiqilgani, bu borada milliy harakatlar rejalari va strategiyalarni tayyorlash hamda amalga oshirish borasida tajriba almashish muhimligi taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, Xitoyda amalga oshirilgan izchil islohotlar va ochiqlik siyosati natijasida oliy qadriyat hisoblanuvchi inson huquqlarini himoya qilish borasida muhim natijalarga erishilgani qayd etildi. Bunda davlat tizimining dasturilamal gʻoyalari, asosiy faoliyati va vazifalari xalqning oʻzini oʻzi boshqarish, vatanparvarlik, qonun ustuvorligi, inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash tamoyillariga yoʻnaltirilgani alohida ahamiyat kasb etadi.

    Xitoyning inson huquqlariga yondashuvi Xitoy Kommunistik partiyasi mafkurasi va siyosatini rivojlantirishni yorqin ifoda etadi. Xitoy inson huquqlarining ham umumbashariyligini, ham oʻziga xosligini tan oladi. Odamlarning turmush darajasini yaxshilash sharoitlarida Xitoy demokratiyani rivojlantirish, tinchlikni saqlash, taraqqiyot jarayonida inson huquqlarini himoya qilishni ragʻbatlantirish hamda inson huquqlarini xalqaro himoya qilishning dasturlarini kengaytirish tarafdoridir.

    Szyan Szyango Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasida erishgan taraqqiyotini yuqori baholar ekan, bu boradagi shiddatli va qamrovdor islohotlarni – beqiyos yangilanishlar, deb taʼrifladi. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslari asosida, xususan, BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani eʼtirof etildi.

    Bu boradagi natijador qadamlar, oʻz navbatida, mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻsi tobora oshib borayotganini yaqqol koʻrsatyapti. Ayniqsa, Xitoy Xalq Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi hamkorlikda ishlab chiqqan “Sivilizatsiyalararo muloqot xalqaro kuni” nomli rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinganiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Oʻzbekiston bilan Xitoyning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida bir qator aniq rejalar, xususan:

    • inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyalar va harakatlar rejalarini amalga oshirishga yondashuvlarni oʻrganish;
    • inson huquqlari boʻyicha xalqaro va milliy kun tartibining dolzarb masalalari, shu jumladan raqamli makonda huquqlarni himoya qilish va qulay atrof-muhitga boʻlgan huquqni taʼminlash kabi zamonaviy tahdidlar boʻyicha muntazam qoʻshma seminarlar va konferensiyalar oʻtkazish yuzasidan oʻzaro kelishib olindi.

    Tomonlar ushbu kelishuvlarning amalga oshirilishi ikki tomonlama muloqotni mustahkamlash, ilgʻor tajribalar almashinuvini taʼminlash va har ikki davlatda inson huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

    Uchrashuvda XXRning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, Xitoy delegatsiyasi aʼzolari, shuningdek, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari Mirzatilla Tillaboyev, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharriri Erkin Ernazarov va boshqalar ishtirok etdi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi matbuot xizmati.