Qonunchilikda 1-iyuldan nimalar oʻzgaradi?

    Oʻzbekiston qonunchiligida 2024-yil 1-iyuldan bir qator oʻzgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Norma ushbu sanadan kuchga kiradigan asosiy oʻzgarishlarni taqdim etdi.

    Ekologik transport” tizimi ishga tushiriladi

    Tizim doirasida:

    • hududlar ulardagi atmosfera havosi bilan bogʻliq real ekologik holatdan kelib chiqib “toza”, “oʻrta” va “zararli” ekologik zonalarga ajratib boriladi;
    • transport vositalariga ularning diagnostikasiga “yashil”, “sariq” va “qizil” stikerlar beriladi;
    • ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq boʻlmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya toʻlovlari joriy etiladi yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanish cheklanadi yoki taqiqlanadi

    2024-yil 1-iyundan boshlab respublikaning barcha hududlarida transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini aniqlash va uning natijalari boʻyicha ekologik stikerlar berish mazkur xizmatlar uchun alohida toʻlov undirilmasdan transport vositalarini DYHXX boʻlinmalarida roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish jarayonida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

    Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash choralari

    BHMning 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratilishini nazarda tutuvchi “Yosh tadbirkor” tanlovlari oʻtkaziladi.

    Mehnat muhojirlariga kompensatsiya toʻlanadi

    “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga quyidagilar bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya toʻlanadi:

    • xorijiy tillar va (yoki) kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda;
    • xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq – BHMning 5 baravarigacha miqdorda;
    • yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda.

    Zoʻravonlikka uchragan ayollarga yordam beriladi

    “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida boʻlgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy va yuridik xizmatlar koʻrsatish tartibi joriy etiladi.

    Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan roʻyxatga olinadi.

    Aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun imtiyozli ipoteka

    Mahalla yettiligi" tavsiyasi asosida Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablagʻlari hisobidan ipoteka kreditlari ajratiladi. Bunda:

    • ipoteka kreditlari 120 mln soʻmgacha miqdorda, 20-yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan toʻrt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash maqsadlari uchun ajratiladi;
    • ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun - ajratiladigan kreditning 15% miqdorida hamda foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun - kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12%dan oshgan qismiga subsidiya toʻlanadi.

    Chiqindi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganida elektr taʼminoti uchun toʻlov qabul qilinmaydi

    Toshkent va Nukusda hamda viloyatlar markazlarida chiqindi xizmatlari boʻyicha qarzdorlikni bartaraf etmaguniga qadar abonentlarning elektr energiyasi uchun toʻlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash joriy qilinmoqda (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagan hududlar bundan mustasno). Cheklov chiqindi boʻyicha 6 oylik qarzdorlik mavjud boʻlganida qoʻllaniladi.

    Barcha hududlar brutto-shartnomalarga oʻtkazilmoqda

    Nukus va boshqa viloyat markazlarida muntazam shahar avtobus yoʻnalishida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi ishga tushiriladi. Ilgari bu tizim:

    • 2023-yil 15-apreldan – Toshkent shahrida;
    • 2024-yil 1-yanvardan – Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganchda joriy etilgan.

    Bogʻcha pedagoglarining oyliklari oʻzgaradi

    Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oliy maʼlumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari maktablarning tegishli pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga tenglashtiriladi.

    Yangi uylarga seysmik talablar oʻrnatilmoqda

    8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalashtiriladi.

    Yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa boʻlgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalashtiriladi.

    Davlat bogʻchalarida toʻlovlar oshadi

    Davlat bolalar bogʻchasida bolalar taʼminoti uchun toʻlov miqdori joylashgan joyi, boʻlish vaqti va bir oiladan boradigan bolalar soniga qarab oʻrtacha 18,7–21 foizga oshiriladi.

    Xorijiy kompaniyalar uchun huquqiy rejim

    Raqamli texnologiyalar xalqaro markazida 5-yilgacha boʻlgan muddatga xorijiy kompaniyalar uchun qoʻllaniladigan maxsus huquqiy rejim eksperiment tariqasida joriy qilinadi.

    Ishga marhamat” va kasb-hunarga oʻqitish markazlarining oʻqituvchilariga imtiyozlar

    “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlarining oʻqituvchilari hamda muhandis ustalarini maqomi boʻyicha professional taʼlim muassasalari pedagoglariga tenglashtirish hamda ularga ushbu xodimlar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy himoya kafolatlari tatbiq etiladi.

    Sobir Nurberdiyev