Qonundagi ayrim huquqiy kamchiliklar bartaraf etiladi

    Mamlakatimizda 6 Yanvar 2022 772

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida “Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonuni boʻyicha yuzaga kelgan ayrim huquqiy kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tuzilgan kelishuv komissiyasi yigʻilishi tashkil etildi.

    Unda komissiyaga saylangan Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda qonunning ayrim huquqiy normalariga nisbatan bildirilgan eʼtirozlar keng muhokama etilib, bu borada soha mutaxassislarining fikrlari oʻrganildi.

    Xususan, muhokama qilinayotgan qonunda “gʻayriixtiyoriy davolash” toʻgʻrisidagi normaning mazmun-mohiyati ochib berilmagani hamda majburiy davolash tushunchasi oʻrtasidagi farqli jihatlari yoritilmay qolgani, shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda narkologiya muassasasiga yotqizish uchun sudga ariza berish tartibida ham kamchiliklar mavjudligi, shuningdek, ariza bilan sudga murojaat qilinganda davlat bojining toʻlanishi yoki undan ozod qilinishi, umuman olganda davlat boji kim tomonidan toʻlanishiga aniqlik kiritilmagani alohida taʼkidlandi.

    Shuningdek, ishtirokchilar narkologik kasallikka chalingan shaxsni gʻayriixtiyoriy tarzda davolash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishning asoslari va mexanizmlari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.

    Yigʻilish yakuni bilan bildirilgan takliflar asosida Qonunning tegishli bandlari tahririni qayta koʻrib chiqishga kelishib olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.