Bugun AOKAda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining birinchi oʻrinbosari Shavkat Haydarov, MIB boʻlim boshliqlari Alisher Toirov, Nasimxon Burxonov, MIB axborot xizmat rahbari Farrux Toshpoʻlatov ishtirokida matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Byuro organlari tomonidan oʻtgan davrda jami 21,8 trln. soʻmlik undiruvlar amalga oshirilib, amalda bu koʻrsatgich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 3,7 trln soʻmga oshgan.
Birgina, davlat foydasiga 8,5 trln soʻm, tadbirkorlik va boshqa subyektlari foydasiga 6 trln. soʻm, banklarga 5,8 trln. soʻm va fuqarolarimiz manfaatlari uchun 1,4 trln. soʻmdan ortiq undiruvlar amalga oshirildi.
Joriy yilning 1-iyun kunidan ishga tushirilgan axborot texnologiyalari yordamida muqobil ravishda va masofaviy ishlaydigan 15 ta tumanlararo boʻlimlari tomonidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirilmasdan hamda fuqarolarning mol-mulklariga dahl qilmasdan 300 mingga yaqin hujjatlarning ijrosi amalda taʼminlandi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan ijro hujjatlari boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Masalan, Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan ehtiyojmand fuqarolarni qoʻllab-quvvatlar uchun joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga 416,4 mlrd soʻm yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 69,1 mlrd. soʻm koʻp mablagʻ yoʻnaltirildi.
Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 1 trln. soʻmdan ortiq aliment pullari undirildi, shundan 9,2 mlrd. soʻmlik 61 ta uy-joy va 636,6 mln. soʻmlik 8 ta transport vositasi aliment oluvchilarga oldindan toʻlov sifatida berilishi taʼminlandi.
Shuningdek, voyaga yetmagan farzandini moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorlarning 130 nafar undiruvchilariga “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan 1,5 mlrd. soʻm pul mablagʻi toʻlab berildi va aliment toʻlovlari boʻyicha undiruv oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 578 mlrd. soʻmga oshdi.
Taʼkidlash joizki, 20 mingga yaqin ishsiz aliment toʻlovchilar ishga joylashtirildi, 41 mingdan ortiq oilalarni yarashtirishga erishildi.
Qonunga xilof ravishda ishdan boʻshatilgan 925 nafar shaxs ishga tiklandi, toʻlanmay qolgan 61 mlrd. soʻmlik ish haqlari undirildi.
Byuro organlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ishlari yanada jadalashtirilib borilmoqda.
Davlat ijrochisiga ijro hujjatlarni qabul qilish, qarzdorlarni identifikatsiya qilish, mol-mulkini aniqlash, qarorlar qabul qilishga koʻmaklashuvchi “Smart yordamchi” platformasi ishga tushirilgan.
Davlat ijrochilarining avtotransport vositalariga nisbatan qidiruv eʼlon qilish haqidagi qarorlarini Yoʻl harakati xavfsizligi organlariga “MIB-Portal” dasturi orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratildi.
Aliment majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlab kelayotgan va qidiruvdagi 3 mingdan ortiq qarzdorlar haqidagi maʼlumotlar Byuroning veb-saytiga joylashtirildi.
Byuro organlari faoliyatiga oid barcha ochiq maʼlumotlar “Oʻzbekiston Respublikasi ochiq maʼlumotlar portali” hamda www.mib.uz rasmiy saytining “Ochiq maʼlumotlar” nomli sahifasiga joylashtirilib borilmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent Xalqaro Aeroportida - fuqarolarimizda qarzdorlik sababli yuzaga kelgan taqiqlar masalasiga aniqlik kiritish va ularni yechish, shuningdek elektron toʻlov tizimlari orqali qarzdorliklarni bartaraf etish maqsadida, Majburiy ijro byurosining maxsus interaktiv xizmatlar shahobchasi tashkil qilindi.
Hozirda, fuqarolar oʻzlari yashab kelayotgan hududlardagi Byuroning istalgan hududiy boshqarma yoki boʻlimlaridan har haftaning shanba kuni “Online - video” orqali Byuro rahbariyatiga murojaat qoldirishmoqda.