Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi, general mayor Rustam Djurayev raisligida Toshkent shahar IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasida oʻtkazilgan yigʻilishda maʼlum qilindi.

Yigʻilishda ijtimoiy tarmoqlar, messendjerlar va YouTube platformasida xavfli haydovchilik, noqonuniy koʻcha poygalari, drift va “shashka” kabi harakatlar aks etgan videolar keng tarqatilayotgani taʼkidlandi. Qayd etilishicha, bu kabi materiallar ayrim yoshlar orasida qoidabuzarlikni ommalashtirishga xizmat qilmoqda.

Shu munosabat bilan internet tarmogʻi doimiy monitoring qilinishi, qoidabuzarlik aks etgan videolarni joylashtirayotgan shaxslar aniqlanishi va ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrilishi belgilandi. Shuningdek, qoʻpol qoidabuzarliklarni “piar” qilgan akkauntlarni bloklash choralari koʻriladi.

Departament boshligʻi tomonidan avariyalar sonini kamaytirish, ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, statsionar va mobil postlar samaradorligini oshirish, blogerlar va qoʻpol qoidabuzar haydovchilar bilan profilaktik ishlarni faollashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Tungi reyd tadbirlarini kuchaytirish, yoʻl bezoriligi uchun jazo muqarrarligini taʼminlash, xizmat intizomini mustahkamlash va xodimlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Joriy yilning 26-fevral kuni boshlangan operativ-profilaktik reyd tadbirlari doirasida 3-mart holatiga qadar 107 ta videolavha aniqlandi. Ushbu holatlar yuzasidan 66 nafar haydovchiga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilib, 62 ta transport vositasi jarima maydoniga joylashtirildi.

Shuningdek, YPX va PPX xodimlari hamkorligida giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy saqlash bilan bogʻliq 23 ta, oʻtkir jismlarni olib yurish bilan bogʻliq 262 ta holat aniqlandi.

Tadbirlar davomida jami 5 919 ta qoʻpol qoidabuzarlik qayd etildi. Asosiy turlar: poyga — 4 ta, boʻysunmaslik — 70 ta, noqonuniy tonirovka — 116 ta, noqonuniy sirena va mayoqchalar — 61 ta, davlat raqamisiz boshqarish — 34 ta.

Huquqbuzarlar orasida 54 nafar voyaga yetmagan shaxs aniqlangan.

Bundan tashqari, ustaxonalarda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida tyuning xizmati koʻrsatuvchi 68 nafar tashkilot rahbari va 79 nafar xodim soʻrovdan oʻtkazilib, 100 nafar avtoservis rahbari bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda poyga va yoʻl bezoriligini targʻib qiluvchi akkauntlar faoliyatiga chek qoʻyish choralari koʻrilmoqda. Reyd tadbirlari respublika boʻylab davom etmoqda.