Qoʻqon holvalari Oʻmonga eksport qilinmoqda

    Qoʻqon shahrida pishirilgan holvalarning Oʻmonga eksporti yoʻlga qoʻyildi.

    Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida Qoʻqon shahridagi “Avvali” holva ishlab chiqarish korxonasi rahbari Abdulatif Xolmatov va Oʻmonning “East coast Jewells LLC” kompaniyasi rahbari Yaser al-Nabhani oʻrtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda tayyorlangan holvalarni Oʻmon bozoriga eksport qilish istiqbollari muhokama qilindi. Eʼtiborlisi, Oʻmon tomoni oʻzbek holvalarini sotish olishga katta qiziqish bildirdi.

    Muzokaralar natijasi oʻlaroq, Qoʻqon holvapazlari tomonidan tayyorlangan shirinliklarning birinchi partiyasi Oʻmonga yetkazib berildi. Jumladan, 30-mart kuni salkam 150 kg. holva Maskatga keltirildi va shahardagi shirinliklar sotishga ixtisoslashgan savdo tarmoqlariga tarqatildi.

    “Taʼmi va qadoqlarning did bilan bezatilgani nuqtayi nazaridan ushbu mahsulotlar yuqori sifat darajasiga ega. Biz oʻzbek holvasi tez orada Oʻmonda xaridorgir mahsulotlar qatoridan oʻzining munosib oʻrnini egallashiga ishonamiz”, dedi Yaser al-Nabhani.