«Maʼlumki, mamlakatimizda xalq milliy oʻyinlari va milliy sirk sanʼatini rivojlantirish va dunyo miqyosida keng ommalashtirish ishlari olib borilyapti. Ayniqsa, chavandozlik, uloq, koʻpkari, dorbozlik, merganlik, tosh koʻtarish kabi xalq milliy oʻyinlariga katta eʼtibor qaratilyapti. Ushbu tadbir doirasida etnosport va xalq milliy oʻyinlari koʻrgazmali chiqishlari orqali tadbirga tashrif buyuruvchi mahalliy xalq va sayyohlar uzoq tarixga ega etnosport oʻyinlari bilan tanishish yoki yodga olish imkoniga ega boʻladi», — dedi Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari Baxtiyor Ibragimov.
“Bugungi festival uchun Qoʻqon shahri bejizga tanlanmadi, — dedi Turizm va madaniy meros vazirligi boshqarma boshligʻi Zarrina Abdullayeva. — Chunki bu yerda xalq sayillari oldindan oʻtkazib kelingan. Qolaversa, mazkur hududda unutilayozgan milliy oʻyinlar ham qayta tiklanyapti. Dorbozlik, sirk sanʼati juda rivojlangan. Qoʻqonda sirk sanʼatimizni butun dunyoga tanitayotgan polvonlarimiz bor. Umuman olganda, Fargʻona, Qoʻqon xalq milliy oʻyinlariga boy hudud”.
Taʼkidlash kerakki, festivalda Oʻzbekistonning barcha hududlaridan, qolaversa, Qirgʻizistondan ham ishtirokchilar qatnashdi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.
Etnosport anʼanaviy oʻyinlarning haqiqiyligini saqlab qolish va ularni zamonga muvofiqlashtirish imkonini beruvchi sport tadbirlarining shaklidir. Etnosport turizm va sportni rivojlantirishning muqobil shakli boʻlib, sohalarni bevosita rivojlantirishdan tashqari milliy oʻyinlardan iborat boy merosimizni asrab-avaylash maqsadini qoʻyadi. Shu bilan birga, aholi orasida sogʻlom turmush tarziga rioya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, etnosport madaniy xilma-xillikni asrab-avaylash va qoʻllab-quvvatlashda jamiyatlar oʻrtasida koʻprik vazifasini bajarib, jahon hamjamiyatidagi hamjihatlik va samimiy muloqot, xalqlar, mamlakatlar, madaniyatlar va shaxslar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tinchlik saʼy-harakatlarini ilhomlantirish hamda Qoʻqon shahriga ichki va xorijiy turistlar oqimini oshirish yoʻlida xizmat qiladi.