Qoʻqon shahrida “Hizb ut-Tahrir” tashkilotining yashirin guruh aʼzolari ushlandi

    Xavfsizlik 12 Iyun 2025 594

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159 va 244 prim 1 hamda 244 prim 2 moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining yashirin guruhi fosh etildi.

    Xususan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1962-y.t., muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotiga aʼzo boʻlib, Jinoyat Kodeksining 159 va 244 prim 1 hamda 244 prim 2 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun 2000-2019-yillarda ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtagan shaxs 1965-1971-yillar oraligʻida tugʻilgan 4 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy guruh tuzgan.

    2024-2025-yillar davomida Qoʻqon shahridagi choyxona va oshxonalarda oʻtkazilgan oʻzaro yigʻinlarda guruh aʼzolari “Hizb ut-Tahrir” gʻoyalarini Oʻzbekistonga olib kirilishini, ushbu tashkilot tomonidan chop etilgan kitob va jurnallarda ifodalangan aqidaparastlikni, xalifalik davlati qurish gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlab kelishgan.

    Shuningdek, “Telegram” messenjeridagi yopiq kanalga aʼzo boʻlib, unda “Hizb ut-Tahrir” DETga tegishli materiallar bilan muntazam tanishib borishgan.

    Taʼkidlash lozimki, guruhning 1971-y.t. aʼzosi ham muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotidagi ishtiroki uchun 23-yillik jazo muddatini oʻtab, 2024-yilning aprel oyida ozodlikka chiqqan boʻlsa, boshqa bir aʼzosi esa firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun umrining maʼlum bir qismini panjara ortida oʻtkazgan shaxs hisoblanadi.