Ilk bor yurtimizda tashkil etilayotgan mazkur nufuzli tadbirda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) Bosh kotibi Bagʻdat Amreyev, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon va Oʻzbekistondan turizm vazirlari ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov mehmonlarni kutib oldi. Yigʻilishning ochilishida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining bu galgi yigʻilishi turizmda yangi bosqichni boshlab berishi taʼkidlandi.

–Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilayotgan bugungi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi aʼzo mamlakatlarining Turizm masalalari boʻyicha vazirlarining VI-yigʻilishi uchun aynan Qoʻqon shahri tanlangani albatta, bejiz emas, – deydi Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari A. Abduhakimov. –Birinchidan, ikki ming yillik shonli tarixga ega bu shahar Turkiy dunyoning madaniyat, sanʼat, ilm-fan, adabiyot, din, savdo-sotiq, hunarmandchilik markazlaridan biri sanaladi.

Qoʻqon hududida turkiy xalqlarning urugʻ va qabilalari, jumladan, mangʻit, qalmoq, uygʻur, qoraqalpoq, qipchoqlar va boshqalar birga va hamjihatlikda hayot kechirishgan. Shahar ilm-maʼrifatning oʻchogʻi, XX asr boshlarida turkiy tilda soʻzlashuvchi millatlarni birlashtirish yoʻlida tuzilgan “Turkiston muxtoriyati”ning siyosiy markazi hamda jadidlar harakati yetakchilari faoliyat olib borgan maskan hisoblanadi.

Shuningdek, shahar oʻz davrida (18-19 asrlarda) adabiy markaz boʻlib, bu yerda 200 nafardan ortiq shoir va shoiralar, jumladan, Gulxaniy, Maxmur, Gʻoziy, Muqimiy, Furqat hamda Anbar Otin, Ziynat, Nodira, Uvaysiy kabi ulugʻ ijodkorlar faoliyat olib borgan. Ularning asarlari asosan turkiy tilda yaratilib, oʻz zamonida turkiy xalqlar ulardan bahramand boʻlgan. Shunday ekan, ishonchim komil, bugungi Qoʻqon shahrida oʻtkazilayotgan yigʻilishimiz ham Turkiy davlatlarning nafaqat turizm, balki madaniyat, ilm-fan, yoshlar va boshqa muhim sohalardagi aloqalarini yangi darajaga olib chiqadi.

Yigʻilishda Kengashga aʼzo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish hamda aʼzo davlatlarning yirik shaharlari oʻrtasida xalqaro aviareyslarni koʻpaytirish masalalari , shuningdek, “Zamonaviy Ipak yoʻli” qoʻshma sayyohlik loyihasi va “Ipak Yoʻli turizm poytaxti” tashabbusi muhokama qilinmoqda, deya xabar beradi OʻzA.