«Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari, yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolarini Qoʻqon shahar hokimi Marufjon Usmonov boshchiligida shahar jamoatchiligi turfa gullar bilan qarshi olishdi.
Davlatimiz rahbarining turizm sohasini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari doirasida 20-yillik tanaffusdan soʻng yangitdan barpo etilgan Qoʻqon aeroportidan bugun ilk hamshaharlarimiz Toshkent shahriga joʻnab ketdi.
Silk Avia aviakompaniyasi veb-saytida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra Qoʻqon — Toshkent va Toshkent — Qoʻqon aviaparvozlariga chiptalar hamyonbop — 190 ming soʻmdan 231 ming soʻmgacha. Shu sababli tez orada Qoʻqon — Toshkent yoʻnalishidagi aviaqatnovlar temiryoʻl va avtotransportga munosib raqobat qilishi kutilmoqda.
Bu yerda aeroport infrastrukturasini yaratish ishlari ham jadallik bilan olib borilmoqda. Aeroportga olib keluvchi 800 metr uzunlikdagi yoʻl barpo etilmoqda, yoʻl chetiga beton bordyur va ariqlar, 25 metr balandlikdagi tungi yoritish chiroqlari oʻrnatilmoqda.
Suv havzalari avtomobillar toʻxtash joyi qurilishi ham yoʻlovchilarga beminnat xizmat qiladi. Qisqa vaqt orasida qayta barpo etilgan Qoʻqon aeroporti, ulkan bunyodkorlik ishlarini namoyon etuvchi inshoot sifatida boʻy koʻrsatib turibdi. Yangi majmua savdo-sotiq, turizm va transport xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Rasuljon Kamolov,
«Yangi Oʻzbekiston» muxbiri.