Markaz qurilishi va jihozlanishi uchun viloyat hokimligi tomonidan bir milliard soʻm mablagʻ ajratilib, eski bino qayta taʼmirlandi va jihozlandi. 2,5 milliard soʻmga Yevropa davlatlaridan raqamli boshqaruvdagi oʻquv komplekslari, Rossiyadan oʻquv laboratoriyasi va trenajyorlar olib kelindi.  Bu yerda oʻquvchilar nazariy bilimlar bilan birga, maxsus trenajyorlarda mahorat oshirib, “ustoz–shogird” anʼanasi asosida bevosita ishlab chiqarish sharoitida kasbiy malaka oshiradilar.

— Hozircha beshta yoʻnalish boʻyicha 50 nafar oʻquvchi hunar oʻrganyapti, — deydi zavodning personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boʻlimi boshligʻi Maʼrufjon Aliyev. — Ilgʻor taʼlim dasturlari yordamida tahsil olgan yoshlarga 3-razryadli mutaxassis sertifikati beriladi. Albatta, ularning malakasi va bilimi ham shunga yarasha boʻladi. Bu orqali ichki mehnat bozori va xorijiy kompaniyalarda bemalol ishlab keta oladigan kadrlar tayyorlashga erishamiz.

Innovatsion markaz boshqa kasb-hunar maktablari, Bandlik boshqarmasi, Fargʻona politexnika instituti kabi qator tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari asosida ham ish olib boradi.

Rasuljon KAMOLOV,

«Yangi Oʻzbekston» muxbir.