Qoʻqon shahridagi harbiy qismda “ArMI-2020” VI Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida “Yoʻl patruli” musobaqasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda harbiylar, ularning oila-aʼzolari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, faxriylar va yoshlar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston mudofaa vaziri, general-mayor B.Qurbonov, Fargʻona viloyati hokimi Sh.Gʻaniyev va boshqalar soʻzga chiqib, bunday katta qamrovdagi xalqaro armiya musobaqalari harbiylarimizga katta mahorat maktabi boʻlish bilan birga, oʻzaro doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Harbiylarning bayram dasturi barchaga manzur boʻldi. Qurolli Kuchlar qoʻshinlarida mavjud maxsus texnikalarning koʻrgazmali chiqishlari va soha mutaxassislarining qoidabuzarlikka qarshi kurashish boʻyicha yuqori darajali kasbiy mahoratlari tadbir ishtirokchilariga namoyish etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Andijon, Fargʻona, Namangan viloyatlari boʻlimlari oʻquvchilari, boʻlgʻusi Vatan himoyachilari sport texnikalarini boshqarib, mahoratlarini koʻrsatishdi.

Taniqli sanʼatkorlarning konsert dasturi musobaqa ishtirokchilariga zavqu shavq ulashdi.

Bahslar boshlanishi oldidan musobaqaga qurʼa tashlanib, raqiblarning “Yoʻl patruli – 2020”dagi qatnashish tartibi aniqlangan. Qurʼa natijasiga koʻra, musobaqani rossiyalik harbiy xizmatchilar boshlab beradigan boʻldi.

Belarus Respublikasi jamoasi ikkinchi boʻlib bahslarga kirishsa, yurtimiz sharafini himoya qilishga bel bogʻlagan yurt oʻgʻlonlari uchinchi tartib raqamida oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazadi.

Harbiy avtomobil nazorati xodimlarining bilim va mahorati namoyon boʻladigan bahslar bugun start oldi. Bellashuvlar 2-sentyabrga qadar davom etadi.