Avval xabar berilganidek, kecha soat 14:46 larda Farg'ona viloyati Qo'qon shahri Bo'ston mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan ko'p qavatli uylardan birida chaqnash sodir bo'lib, uning oqibatida yong'in kelib chiqqan. Hodisa natijasida bir nechta xonadonlarga zarar etgan.

Baxtsiz hodisa oqibatida mazkur uyda istiqomat qilgan, 2007 yilda tug'ilgan fuqaro beton qoplama (plita) bosib qolishi sababli og'ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Boshqa shaxslarning jarohat olgani to'g'risida ma'lumot kelib tushmagan.

Xabar asosida hodisa joyiga ichki ishlar organlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning mas'ul xodimlari etib kelib, yong'inni bartaraf etish, chaqnashning kelib chiqish sabablarini aniqlash va hodisa joyini ko'zdan kechirish ishlariga kirishildi.

Vazir o'rinbosari R. Ashropov tomonidan voqea joyida tergov-tezkor guruhi tuzilib, mas'ul xodimlarga zarur topshiriqlar berildi. Jumladan, hodisa joyini Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq hujjatlashtirish, ish uchun ahamiyatga ega bo'lgan narsa va buyumlarni olish, guvohlardan batafsil ko'rsatmalar olish hamda boshqa zarur tergov harakatlarini amalga oshirish vazifalari yuklatildi.

Mazkur holat yuzasidan Farg'ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud Tergov bo'limi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olindi.