Qorakoʻl xalqaro matematika maktabining barcha oʻquvchilari uchinchi yil ham talaba boʻldi

    Ta'lim 4 Sentabr 2021 4940

    2020-2021 oʻquv yilida Qorakoʻl tuman Xalqaro matematika maktabini bitirgan 74 nafar oʻquvchilarning barchasi (100%) bugungi kunda talabalar safiga qabul qilindilar.

    Yakunlangan oʻquv yilida maktabni tamomlagan yigit-qizlarning 50 nafari Davlat granti asosida talaba boʻlgan boʻlsa, 24 nafari toʻlov-shartnoma asosida talabalikka tavsiya etildilar

    Bugun tarixiy sana - Qorakoʻl xalqaro matematika maktabi yangi binoda ish boshladi va bunga javoban maktab oʻquvchilari ketma-ket uchinchi yildirki (2018-2019 oʻquv yilida 26 nafar, 2019-2020-yilda 48 nafar) 100 foizlik natija qayd etib, Muhtaram Prezidentimizning “Uchinchi renessans bunyodkorlari yoshlar boʻladi” degan gʻoyalariga “labbay” deb javob berdilar.

    Shuningdek, Qorakoʻl Akademik litseyining qariyb 99 % bitiruvchisi talaba boʻldi. 2020-2021 oʻquv yilida Buxoro Davlat universiteti Qorakoʻl Akademik litseyini tamomlagan 220 nafar oʻquvchilaridan 217 nafari (98,6%) mamlakatimizning turli oliy taʼlim muassasalariga talabalikka tavsiya etildilar.

    «Buguni, Qorakoʻlcha oʻqitish uslubi mamlakatimiz taʼlim talablariga namunali javob bergan holda dunyoga yuz tutmoqda. Oʻzining 86% qaldirgʻochlari grant asosida talabalik baxtiga sazovor boʻlgan Qorakoʻl akademik litseyi ushbu uslubni voyaga yetkazgan makondir, deb xabar beradi Qorakoʻl tumani hokimligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, Akademik litsey oʻquvchilarining 96 foizi 2019-2020-yilda ham talabalikka tavsiya qilingandi.