Shu topshiriq va tavsiyalardan kelib chiqib, Qorakoʻl tumani tibbiyot birlashmasida zamon talabiga javob beradigan gemodializ boʻlimi oʻz faoliyatini boshladi.
Kuni kecha tuman Tibbiyot birlashmasining Gemodializ boʻlimi tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, faxriy shifokorlar va ular shogirdlari ishtirok etdilar.
Taʼkidlash joizki, ichki kasalliklar boʻlimi binosining birinchi qavatida ochilgan mazkur tibbiyot muassasasi tajribali binokor Xudoyqul Tangriyev boshchiligidagi “Qorakoʻl Doniyor montaj” MCHJ jamoasi tomonidan mukammal taʼmirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilgan.
— Buyrak yetishmovchiligi bilan yashayotgan bemorlar har uch kunda, baʼzilari esa har kuni yoki haftada bir marta gemodializ muolajalarini olishlari kerak, – deydi Qorakoʻl tumani Tibbiyot birlashmasi boshligʻi Elyor Oltiyev. — Yangidan qurib ishga tushirilgan boʻlimimiz esa Germaniya davlatidan olib kelingan, umumiy qiymati 180 ming yevroga teng boʻlgan oltita zamonaviy gemodializ asbob-uskunalari va 390 million soʻmlik suv tozalab filtrlash qurilmasi bilan jihozlandi. Bemorlarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini kengaytirish maqsadida yil yakuniga qadar yana 4 dona qoʻshimcha apparat olib kelinishi koʻzda tutilgan.
Mazkur zamonaviy majmua geografik nuqtayi nazardan qulay hududda joylashgani bilan ahamiyatli. Aniqrogʻi, shu kunda Jondor tumanidan 19 nafar, Qorakoʻldan 18 nafar, Olot tumanida istiqomat qilayotgan 5 nafar tibbiy muolajaga muhtoj bemorga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni boshladi. Holbuki, buyrak yetishmovchiligi bilan ogʻrigan fuqarolar shu kungacha muolaja yoki oddiy dori-darmon uchun ham viloyat markaziga qatnashga majbur edilar. Endilikda ehtiyojmand aholi vakillari ovoragarchiligiga barham berilib, ular vaqti hamda naqdi tejalayotgani bemorlar uchun ham ayni muddao.
— Kesar kesish yoʻli bilan oʻtgan ogʻir tugʻruqdan keyin belim va oyoq qoʻlimda ogʻriq kun sayin kuchayib borib, qon bosimim koʻtarilib, bir necha kunda yana kasalxonaga yotishga majbur boʻldim, – deydi qoʻshni Qashqadaryo viloyatidan Qorakoʻlga kelin boʻlib tushgan Shaxnoza Qoʻldosheva. — Menda buyrak qon yetishmovchiligi sababli shunday xavf-xatar yuzaga kelganini keyin bildim. Gemodializ apparati orqali davo mulajasini tayinlashgani foyda berib, ertasigayoq oʻzimga keldim, ogʻriq va shishlar yoʻqoldi. Meni hayotga qaytargan malakali shifokorlardan bir umrga minnatdorman.

Gemodializ boʻlimining ishga tushirilgani tufayli maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazilgan oʻnga yaqin oliy va tanlov asosida saralangan oʻndan ortiq hamshira ish bilan taʼminlandi.
Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 21-22-yanvar kunlari viloyatimizga tashrifi davomida ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Qorakoʻl tuman tibbiyot birlashmasi qoshida tumanlararo qoʻshma shikastlanish va oʻtkir qon-tomir jarohatlanishi markazini tashkil etish va zarur diagnostik jihozlar bilan taʼminlash choralarini koʻrish topshirigʻi berilgan edi.