Qorakoʻlda “Yangi Alat” deb nomlangan yangi gaz kondensat koni ochildi

    Energetika 25 Avgust 2022 1067

    “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislar tomonidan amalga oshirilayotgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumani hududida “Yangi Alat” — yangi gazkondensat koni ochishga muvaffaq boʻlindi.

    2022-yil 31-mayda “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan “Yangi Alat” konidagi 1-sonli izlov qudugʻida burgʻilash ishlari boshlanib, quduq 2 344 metr chuqurlikgacha burgʻilab tugatildi.

    Joriy yil 19-avgustda “Yangi Alat” koniga qarashli 1-sonli quduqning 2 342-2 283 metr oraligʻida filtr orqali sinash ishlari oʻtkazilib, yura davri yotqiziqlarining XV mahsuldor qatlamidan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va gaz kondensat mahsulotlari olindi va yangi gazkondensat koni ochildi.

    Tadqiqotlar quduqdan kunlik 800 ming kub metr tabiiy gaz va 15 tonnadan ortiq gazkondensati mahsuloti chiqayotganligini tasdiqladi.

    Taʼkidlash joizki, “Yangi Alat” koni 2021-yilda “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan 3D seysmik maʼlumotlarni qayta ishlash natijasida aniqlanib, unga koʻra, yangi quduqni burgʻilash uchun Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan maydonning pasport maʼlumotlari tayyorlangan.

    Konning istiqbolli maydoni 7,5 kvadrat/kilometr, S3 toifali resurslari 2,2 milliard kub/metrda ortiq tabiiy gaz hamda 70 ming tonna gaz kondensatini tashkil etadi. Ushbu kon “Gʻarbiy Tegirmon” va “Tegirmon” konlari atrofida joylashgan.

    Hozirda “Yangi Alat” konining 1-sonli qudugʻida mahsuldor qatlamning bosimi, harorati va boshqa kon-geologik parametrlarini aniqlash hamda uning sanoat miqyosida ishlab chiqarish quvvatlarini baholash maqsadida, geologik-tadqiqot ishlari olib borilyapti.

    Yil yakuniga qadar, yangi konda “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻyicha 2022-yilga moʻljallangan uglevodorod xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta hosil qilish dasturi doirasida navbatdagi 2-3 izlov qudugʻini burgʻilash ishlarini olib borish rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.