Qorakoʻlda yangi gaz qazib olish qudugʻi ochildi

    Energetika 29 Mart 2022 1177

    “Doyaxotin” konida kuniga 238 ming kub metr tabiiy gaz va 3 tonna kondensat olinadigan yangi quduq ochildi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Doyaxotin” gaz kondensat konidagi 104-sonli quduqda burgʻilash ishlari tugatilib, 1987–1985, 1980–1977, 1951–1947 metr oraliqlarida perforatsiya ishlari olib borildi.

    Tezkor maʼlumotlarga koʻra, quduqni oʻzlashtirish ishlaridan soʻng, kunlik 238 ming kub metr sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va 3 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: “Doyaxotin” gaz kondensat koni Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida joylashgan boʻlib, 2004-yilda ishga tushirilgan.