“Osiyo” mahallasi tuman markazidan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shu vaqtga qadar mahalla ahlining mahalladagi koʻrimsizgina, zarur jihozlar ham yetarli boʻlmagan poliklinikaga qatnashiga yoki uzoq yoʻl bosib tuman markaziga borishiga toʻgʻri kelardi.
Endi esa mahallada 50 qatnovga moʻljallangan, zamonaviy tibbiy xizmatlar koʻrsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan maskani bunyod etildi.
Tibbiyot maskanining qurilish-taʼmirlash ishlariga 500 million soʻm mablagʻ sarflandi. Bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini “Galaosiyo ixtisoslashgan qurilish” korxonasi bunyodkorlari amalga oshirdi. Shuningdek, 19 nafar tibbiy va ishchi xodimlar faoliyat koʻrsatayotgan muassasa zamonaviy tibbiy anjomlar bilan jihozlandi. Natijada 670 ta oilada istiqomat qilayotgan 2 ming 702 nafar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligi yaxshilanadigan boʻldi.
Tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikdagi “Mirob” OSHP ham zamon talablariga mos holda qurildi va jihozlandi. Hozirgi kungacha mirobliklarga 1989-yil eski loyiha asosida qurilgan ambulatoriya sifatida faoliyat olib borgan binoda tibbiy xizmat koʻrsatib kelingan.
“Mirob” OSHP “Shukurjon ona” MCHJ quruvchilari tomonidan qisqa fursatda zamon talablariga mos ravishda bunyod etildi. Qurilish-taʼmirlash ishlariga 640 million soʻm mablagʻ sarflandi. Natijada muassasaning hududdagi 569 ta oila, 2 103 nafar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati oshdi.
Yangi muassasada ginekolog vrachlar biriktirilgan. U yerda qabulga uydan chiqmay belgilanish imkoni mavjud boʻlib, tahlillar uzogʻi bilan 1 soatda aniqlanadi, ijtimoiy dorixonalar bor.
Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatishni tashkil etish borasida tuman tibbiyot birlashmasi qoʻshimcha binolar qurish, mavjudlarini mukammal taʼmirlash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni davom ettiryapti, deb xabar beradi Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati.