Qorakoʻl tumani markazidagi madaniyat va istirohat bogʻi endilikda “Yoshlar bogʻi” deb ataladigan boʻldi. Bogʻning tarixiga nazar tashlasak, uning nomi avval ham bir necha bor oʻzgarganiga guvoh boʻlamiz. Sobiq ittifoq davrida Kirov nomi bilan atalgan ushbu geografik obyektga 1985-yilning may oyida Furqat nomi berilgan. 1991-yilning oktyabr oyidan to hozirgi kunga qadar Toshpoʻlat Shermuhammedov nomi bilan atalib kelinayotgan edi.


Joriy yilda bogʻ hududida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusga monand holda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari tufayli u butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Bogʻ markazida tashkil etilgan har bir yoʻlak oʻzida beshta muhim tashabbus gʻoyalaridan birini aks ettirishi bilan ahamiyatli. Yoʻlaklar boʻylab yurar ekansiz endi yoshlarimiz madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini bemalol roʻyobga chiqara olishiga ishonch hosil qilasiz. Yangi ismi jismiga mos boʻlgan “Yoshlar bogʻi” yana uzoq yillar qorakoʻllik yoshlarning maʼnaviyatini yuksaltirishga, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.
Sherzod HAMROEV,
Buxoro viloyati, Qorakoʻl tumani, Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha tuman komissiyasi raisi oʻrinbosari