Tashrif davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan Britaniyaning Kembrij universiteti va uning huzuridagi ta’lim tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikning aniq yo‘nalishlari muhokama etildi.
Qoraqalpog‘iston maktablarida Kembrij o‘quv dasturini joriy etish va xalqaro standartlarni qabul qilish orqali ushbu hududda o‘qitish va ta’lim sifatini yanada oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Tashrif davomida delegatsiya a'zolari «Cambridge Assessment International Education» tashkiloti ijrochi direktori Jeyn Manet, o‘qituvchilar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Diana Parson va uning mintaqaviy menejeri Stiv King uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muhokamalar chog‘ida Qoraqalpog‘iston maktablarida Kembrij o‘quv dasturini joriy etish, akkreditatsiya jarayonlari va o‘quv dasturini samarali amalga oshirish uchun o‘qituvchilarni zarur ko‘nikma va bilimlarni egallashda ularni malakasini oshirish loyihalarini yo‘lga qo‘yish istiqbollari xususida fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida Qoraqalpog‘iston maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi hamda «Cambridge Assessment International Education» tashkiloti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat Kembrij o‘quv dasturini amalga oshirish, maktablarni akkreditatsiya qilish va o‘qituvchilarning doimiy kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni qamrab olgan, deb xabar beradi «Dunyo» AA.