Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etildi

    Ta'lim 5 May 2021 4201

    Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra:

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali negizida Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullangan.

    Institutda taʼlimning kredit-modul tizimi joriy etiladi. Bunda, haftada besh kunlik oʻqish hamda haftaning shanba kuni mustaqil oʻzlashtirish kuni deb belgilanadi.

    Institutning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

    Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining Institutda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab tashkil etiladigan qoʻshma taʼlim dasturlarining oʻquv rejalari va fan dasturlari Institut tomonidan xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan kelishgan holda mustaqil tasdiqlanishi toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda:

    – bir oy muddatda oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq Institutning tuzilmasi va ustavi tasdiqlanishini hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash;

    – ikki oy muddatda Institutda oʻquv-metodik jarayonning tashkil etish, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni oʻquv-laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan taʼminlash boʻyicha aniq chora- tadbirlarni amalga oshirish;

    – har yilning 20-avgustiga qadar Institutni oliy taʼlim va ilmiy- tadqiqot muassasalari, tegishli yoʻnalishlar boʻyicha ishlab chiqarish tashkilotlarining katta amaliy tajribaga ega mutaxassislaridan iborat boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan tanlov asosida toʻldirish;

    – Institut professor-oʻqituvchilari, ilmiy va texnik-muhandis xodimlarining har yili Oʻzbekiston hamda xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalarida, ilmiy-tadqiqot markazlarida, agroklasterlarda, kooperatsiyalarda va yirik ishlab chiqarish tashkilotlarida stajirovka oʻtashi boʻyicha dasturlar tayyorlanishini hamda amalga oshirilishini taʼminlash;

    – xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qoʻshma taʼlim dasturlarining oʻquv rejalarini xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilishini taʼminlash;

    – 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston tuproq iqlim- sharoitini hisobga olib, yer degradatsiyasi va atrof-muhit monitoringini zamonaviy texnologiyalar asosida olib borishda geoaxborot tizimlaridan foydalanish maqsadida Institut tuzilmasida Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda “Geoaxborot tizimlari” markazi va laboratoriyasini tashkil etish;

    – davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida yoki xususiy sektor ishtirokida Institut huzurida ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va talabalarning bevosita ishlab chiqarishda ishtirokini taʼminlovchi “Kichik innovatsion korxonalar”ni tashkil etish choralarini koʻrish;

    – islohotlarning hozirgi bosqichiga hamohang tarzda oʻzbek va qoraqalpoq tillarida yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalari turkumini xorijiy olimlar, oliy taʼlim va agrar sohada samarali faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni jalb etgan holda tayyorlash, shuningdek, oʻquv rejalari va dasturlarini yangilash hamda qayta koʻrib chiqish boʻyicha ikki oy muddatda chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;

    Institutning axborot-resurs markazini mahalliy va xorijiy oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻradi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida moyli ekinlar seleksiyasi, urugʻchiligi, moyli ekinlarni yetishtirish va qayta ishlash sohalariga ilm-fanni tatbiq etish maqsadida Institut huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Moyli ekinlar seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari” oʻquv-ilmiy markazi tashkil etiladi.

    Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilanmoqda:

    – moyli ekinlarni parvarishlashning bio, nano va resurstejamkor hamda intensiv texnologiyalarini qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga joriy etish;

    – Institutning “Axborot-maslahat markazi” xududidagi yer maydonlarida ichki va tashqi bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, moyli ekinlarning serhosil, shoʻr va qurgʻoqchilikka, kasallik hamda zararkunandalarga chidamli, mahsulot sifati va moydorlik darajasi yuqori boʻlgan nav va duragaylari seleksiyasi hamda urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish;

    – sugʻoriladigan va choʻl-yaylov xududlarining tuproq-iqlim sharoitlari uchun moyli ekinlarni yetishtirish agrotexnologiyalarini ishlab chiqish;

    – ilmiy xodimlarning ilgʻor innovatsion texnologiyalarni yaratish boʻyicha tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlash, jismoniy shaxslarning novatorlik gʻoyalarini qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga joriy etishga koʻmaklashish;

    – klasterlar, kooperatsiyalar, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari uchun moyli ekinlarni yetishtirish boʻyicha koʻrgazmali oʻquv-seminarlarni tashkil etish hamda tavsiyalar ishlab chiqish.

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda:

    – nufuzli xorijiy ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish va Institutning ilmiy pedagogik xodimlarini xalqaro anjumanlarda ishtirokini taʼminlash;

    – 2021-yil 15-iyulga qadar Institut va Vyetnam agrar universiteti bilan birgalikda sholichilik yoʻnalishida qoʻshma fakultet tashkil qilish boʻyicha hamkorlik aloqalarini oʻrnatadi;

    – 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab dunyoning Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan davlatlarning sholichilikka va qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirishga ixtisoslashgan muassasalarida Institutning yosh istiqbolli kadrlari va ilmiy-pedagogik xodimlarini maqsadli ravishda xorijda malakasini oshirish va stajirovkaga yuborish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda uch oy muddatda hududning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, moyli ekinlarning serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli, mahsulot sifati va moydorlik darajasi yuqori boʻlgan nav va duragaylari seleksiyasi hamda urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha maqsadli fundamental va amaliy loyihalar tanlovini eʼlon qiladi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Institutga xorijdan va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa hududlaridan ishga taklif etilgan mutaxassislarni turar joy bilan taʼminlash maqsadida Nukus shahrida qurilayotgan arzon uy-joylardan imtiyozli shartlar asosida ehtiyojdan kelib chiqqan holda ajratilishini taʼminlaydi.