Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining kompleks rivojlanishi oʻrganildi

    Mamlakatimizda 5 Iyul 2021 705

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov videokonferensiya shaklida Urganch shahridagi studiyadan Davlat rahbarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatiga tashriflari shuningdek, Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi ushbu hududlarga chiqishlari davomida berilgan koʻrsatmalar ijrosiga bagʻishlangan muhokamalar oʻtkazdi. Shuningdek, ikkala hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy koʻrsatkichlari va uni yana-da ragʻbatlantirish boʻyicha birinchi darajali vazifalar muhokama qilindi.

    Tadbirdan bir necha kun oldin joylardagi vaziyatni oʻrganish va tadbirkorlar hamda mahalliy aholi bilan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat ishchi guruhlari hududlarning tuman va shaharlariga yuborilgan edilar.

    Muhokama davomida viloyat, tuman va shahar miqyosidagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar haqida maʼlumot berib, davlat tuzilmalari va tijorat banklarining oʻzaro muvofiqlashtirilgan hamkorligini talab etuvchi bir qator muammoli masalalarni tilga oldi. Masʼul rahbarlarga oʻrtaga tashlangan muammolarni hal qilishning samarali algoritmlarini ishlab chiqish va ularni darhol hayotga tatbiq etishni boshlash boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.

    Hududiy investitsiya dasturlari amalga oshirilishi ham oʻrganildi. Eslatib oʻtamiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2021-2022-yillarda umumiy qiymati 8,5 trillion soʻmlik 652 investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, buning natijasida 12 198 yangi ish oʻrni yaratiladi. Xorazm viloyatida umumiy qiymati 9,3 trillion soʻmlik 685 investitsiya loyihasi joriy etilib, 14 909 yangi ish oʻrni yaratiladi. Tasdiqlangan loyihalarni hayotga tatbiq etish va yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirishni tezlashtirish topshirildi.

    Tarmoq xoʻjalik birlashmalari rahbarlari import tarkibining tuman va shaharlar kesimida amalga oshirilgan tahlili haqida maʼlumot berdilar hamda ichki bozorda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va istiqbolli tarmoqlarda sanoat klasterlarini yaratish boʻyicha yangi loyihalarni ishlab chiqishga doir takliflarni taqdim etdilar.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati tadbirkorlari bilan joriy yilning aprel oyida oʻtkazilgan ochiq muloqotlarda berilgan koʻrsatmalarning ijrosi koʻrib chiqildi: mutasaddi rahbarlar faoliyati samaradorligining tahlili olib borildi, ishlab chiqish jarayonida boʻlgan ayrim masalalarni hal etishni jadallashtirish chora-tadbirlari belgilandi.

    Tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirishning bugungi holati ham muhokama etilib, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab olindi va mavjud muammoli masalalarni hal etish yuzasidan tegishli vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlariga aniq koʻrsatmalar berildi.

    Yigʻilish yakunlari boʻyicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi. Yaqin vaqt ichida ishchi guruhlar joylarga chiqqan holda shu hududlarda oʻz faoliyatini davom ettiradilar deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.