Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Orol turizmi” haftaligi boʻlib oʻtadi

    16–19-aprel kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahri va Moʻynoq tumanida “Orol turizmi” haftaligi oʻtkaziladi.

    Haftalik doirasida “Orolboʻyi ezgu niyat elchilari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, “Orol rassomlar nigohida” ijodiy koʻrgazmasi va pleneri boʻlib oʻtadi. Koʻrgazmada yosh havaskor va professional rassomlarning Orol haqidagi rasmlari namoyish etiladi.

    Shuningdek, 18-aprelda Moʻynoqda 2 km masofaga yugurish boʻyicha “ Aral Sea Eco Race” eko-marafoni oʻtkaziladi.

    Bunda ishtirokchilar dastlab daraxt ekiladigan maydonchagacha 1 km masofani bosib oʻtadi, maydonchada daraxt ekadi va yana marraga qaytadi (1 km masofa). Har bir ishtirokchining oʻz raqamiga chip biriktirilgan boʻlib, u daraxt ekish faktini qayd etadi. Finish chizigʻida har bir ishtirokchi tabiatni tiklash loyihasidagi ishtiroki uchun ramziy daraxt koʻrinishidagi medal bilan taqdirlanadi.

    Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilarini “Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar” gastronomik festivali hamda tarixiy obidalarga unutilmas sayohat kutadi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Shuningdek, xabar orqali marafonda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish tartiblari tushuntiriladi.