13-aprelda Qoraqalpogʻistonda Taraqqiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik guruhi tarkibi tasdiqlandi va guruhning tashkiliy yigʻilishi oʻtkazildi. Unda jamoatchilik guruhi aʼzolariga yuklatilayotgan vazifalar hamda guruhga viloyatda Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda alohida oʻrin ajratilayotganligi tushuntirildi.
Taʼkidlash kerak, mazkur guruh aʼzolari “Yuksalish” umummilliy harakatining hududiy boʻlinmasi va mahalliy hokimiyat idoralari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar ichidan ularning aholi orasidagi hurmati va nufuzi, amaliy va hayotiy tajribasi, davlat va jamiyat rivoji uchun qoʻshayotgan hissasini hisobga olgan holda saralab olindi. Guruhning birinchi vazifasi, Taraqqiyot strategiyasini aholiga yetkazish va targʻib qilishda davlat hokimiyati idoralariga koʻmaklashish hisoblanadi.
— Mart oyida respublika boʻyicha qisqa soʻrov oʻtkazganimizda shu narsa maʼlum boʻldiki, aholi Taraqqiyot strategiyasi haqida eshitgan boʻlsada, biroq uning aynan qanday hujjat ekanligi, ahamiyati va maqsadi haqida tushunchaga ega emas, — dedi “Yuksalish” UMH raisi B.Bekmurodov. — Shuning uchun mazkur jamoatchilik guruhi fuqarolar bilan uchrashuvlarda, matbuot, telekanallar, radio kabi axborot vositalarida targʻib qilishi boʻyicha hokimiyat idoralariga takliflar kiritishi kerak.
Ikkinchidan, mazkur guruh hududiy dasturlarning ishlab chiqilishida oʻtkaziladigan jamoatchilik muhokamalarida ishtirok etib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi.
Uchinchidan, davlat dasturlari va hududiy dasturlarning davlat idoralari tomonidan oʻz vaqtida va lozim darajada ijro etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etadi hamda har chorakda Dasturlar ijro etilishi yuzasidan keng jamoatchilikka va aholiga maʼlumot taqdim etadi. Toʻrtinchidan, ushbu guruh Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishilganligi boʻyicha yillik muqobil hisobotlar tayyorlaydi va eʼlon qiladi.
Bundan tashqari, guruh hudud aholisi bilan muntazam aloqa oʻrnatib, fuqarolarni bezovta qilayotgan yoki tashvishlantirayotgan muammolarni aniqlash, masalalarni hal etish yuzasidan jamoatchilik loyihalarini ilgari surish kabi ishlar bilan shugʻullanadi.
Yigʻilishda jamoatchilik nazoratining toʻgʻri va oʻz vaqtida amalga oshirilishi davlat hokimiyati idoralariga koʻmak boʻlishi, ayrim noqonuniy holatlar sodir etilishining oldi olinishi taʼkidlandi.
Takliflardan kelib chiqib, Qoraqalpogʻistonda Taraqqiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik guruhi 21 nafar tarkibda tuzildi.
Bugunga qadar bu kabi jamoatchilik guruhlari Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Namangan, Andijon, Fargʻona, Surxondaryo, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy, Toshkent va Jizzax viloyatlarida tashkil etildi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.
Shuningdek, xabarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida Taraqqiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhi tarkibi keltiriladi.