Tantanali tadbirda viloyat va tuman sektorlar rahbarlari, mudofaa ishlari boʻlimi masʼul ofitserlari ishtirok etdi. Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi – harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Botir Zaripov Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan harbiy-maʼmuriy sektor tizimi haqiqatan ham yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovon turmushi uchun xizmat qiladigan noyob bir tizim ekanini eʼtirof etdi. Viloyatda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga hamohang tarzda zamonaviy va koʻrkam koʻrinishda taʼmirlangan mudofaa ishlari boʻlimining binosi yoshlarni chinakam harbiy xizmatga tayyorlovchi, ularda vatanparvarlik, mardlik va jasorat tuygʻularini shakllantiradigan maskanga aylanishiga tilak bildirdi.
Darhaqiqat, tuman, shahar va viloyat mudofaa ishlari boʻlim va boshqarmalari – “armiyaning ostonasi” hisoblanadi. Shunday ekan, yoshlarning armiya haqidagi ilk taassurotlari aynan mana shu dargohlarda uygʻonadi. Demak, harbiy-vatanparvarlik tarbiya ham shu joyda shakllanadi.
Binoni bugungi kun talablari asosida taʼmirlashda “Akbar Shahzod qurilish” MCHJ bunyodkorlari jonbozlik koʻrsatishdi. Qurilish-taʼmirlash ishlariga qariyb 1,5 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi. Zamonaviy dizayn asosida taʼmirlangan va aholiga xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklarga ega boʻlgan ushbu binoda navbatchilikni oʻtash uchun xona, boshqaruv punkti, arxiv, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun maxsus joy, chaqiriluvchilar va hisobda turuvchilar haqida elektron maʼlumotlar bazasini yuritish xonasi hamda xizmat xonalari mebel, qish-yoz tizimida ishlaydigan sovitish tizimlari, kompyuter jamlanmalari va boshqa zarur buyumlar bilan toʻliq jihozlandi.
Armiyaning jangovar qudrati, salohiyati, buyuk ajdodlarimizning jasoratidan soʻzlovchi koʻrgazmali vositalar bilan bezatilgan binoning ichki devorlari bu yerga keladigan yoshlar Qurolli Kuchlarimiz haqida kengroq bilim va maʼlumotlarga ega boʻlishini taʼminlaydi.
Yigʻilganlar binoda yaratilgan ana shunday qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar, deb xabar beradi Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati.