“Qoraqalpogʻiston sanʼat saroyi” davlat muassasasi tashkil etilmoqda

    Madaniyat 9 May 2021 1703

    Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpogʻiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra:

    Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2021-2024-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini yana-da rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda:

    – taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish;

    – muzeylar, teatrlar va ijodiy jamoalar faoliyatini yana-da rivojlantirish;

    – madaniyat markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

    – “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va faoliyatini rivojlantirish;

    – madaniy-maʼrifiy, targʻibot tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish.

    Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi muassisligida “Qoraqalpogʻiston sanʼat saroyi” davlat muassasasi tashkil etilmoqda va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

    – oʻzbek, qoraqalpoq va jahon mumtoz sanʼati anʼanalarini, teatr, musiqa, raqs va milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va targʻib qilish;

    – oʻzbek va qoraqalpoq xalqining boy maʼnaviy merosini tarannum etuvchi, milliy va umumbashariy qadriyatlarni ulugʻlovchi yorqin sahna asarlarini namoyish etish orqali aholining keng qatlamlarini sanʼat ustalari va isteʼdodli yosh ijrochilari ijodidan bahramand etish;

    – xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini mustahkamlash, ularni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi rang-barang ijodiy dasturlar orqali yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish;

    – davlat ahamiyatiga molik muhim tadbirlar, xalqaro festivallar, koʻrik-tanlovlar, konferensiyalar va ijtimoiy-madaniy anjumanlar oʻtkazish.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisining madaniyat va sanʼat muassasalariga oilaviy kelishini hamda maroqli va mazmunli dam olishlarini tashkil etish maqsadida “Shanba - madaniyat kuni” loyihasi amalga oshiriladi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasining oʻziga xos urf-odatlari, anʼana va qadriyatlari, baxshi, jirov, dostonchilik, raqs, amaliy sanʼat va milliy hunarmandchiligini aholi, ayniqsa, yosh avlodga keng targʻib etishga qaratilgan “Qoraqalpoq madaniyat kunlari” bayram tadbirlari muntazam oʻtkaziladi.

    Sanʼatning opera ijrochiligi boʻyicha yosh avlod isteʼdodini erta aniqlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha 2021-yildan boshlab, anʼanaviy tarzda har ikki yilda bir marta “Yoshlik bahori” yosh opera ijrochilari tanlovini tashkil etiladi.

    2021/2022 oʻquv yilidan boshlab, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi barcha taʼlim muassasalarida mumtoz sanʼatimizning durdona asarlaridan bahramand qilish orqali oʻquvchi-yoshlarning milliy madaniy saviyasini oshirish maqsadida dars soatlaridan boʻsh (tanaffus) vaqtlarda “Musiqiy tanaffus” loyihasi amalga oshiriladi.