Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kegeyli tumanida oʻtkazilgan toʻy marosimida haydovchilar yoʻl talashib, bir-birlarining mashinalarini toʻqnashtirgani aks etgan videolar tarqaldi.
Holat boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 12-iyun kuni Kegeyli tumanida yashovchi, 2002-yilda tugʻilgan A.N.ning nikoh toʻyi oʻtkazilgan. Shu munosabat bilan kuyov A.N oʻzi oʻtirgan mashinani kim birinchi quvib oʻtsa 200 AQSH dollari berishni aytgan.
Toʻy korteji Kegeyli tumaniga yetib kelgach, haydovchilar yoʻl harakati qoidalariga boʻysunmasdan tumanning Nurli quyosh koʻchasida kuyov oʻtirgan Mercedes ortidan yoʻl talashib, bir-biri bilan toʻqnashgan.
Ushbu holatni sodir etgan 9 ta mashina jarima maydoniga olib borilib, haydovchilarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) boʻyicha maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan.