Qoraqalpogʻistonda 120 ta istiqbolli loyihalar tayyorlangan

    Nukus shahrida 1 million dollar, qolgan tumanlarda 300 ming dollar investitsiya kiritish sharti bilan Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi qarori asosida yer uchastkalari toʻgʻridan-toʻgʻri berilyapti.

    Kichik investitsiyalarga ham yer toʻgʻridan-toʻgʻri berilsa, investorlar Nukus shahri, tuman markazlari va yoʻl boʻylarida kamida 2 ming aholini ish bilan taʼminlamoqchi.

    Davlatimiz rahbari bunday kichik va oʻrta loyihalarga yerni toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish taklifini maʼqulladi.

    Umuman, Qoraqalpogʻistonda amalga oshirsa boʻladigan yana 9,5 milliard dollarlik 120 ta istiqbolli loyihalar tayyorlangan.

    Sentyabr oyida Qoraqalpogʻistonda yirik Investitsiya forumini oʻtkazish reja qilingan. Masʼullarga forumga puxta tayyorgarlik koʻrish topshirigʻi berildi.

    Qoraqalpogʻiston tumanlari hokimlari va iqtisodiy kompleks yil yakunigacha 121 ming aholini band qilishi muhimligi taʼkidlandi.

    Buning uchun tadbirkorlarning kredit va aylanma mablagʻ bilan bogʻliq masalasini tez-tez hal qilish, mahallalar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, 9 mingta mikro va kichik loyihani ishga tushirish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashga 636 milliard soʻm yoʻnaltirish vazifalari belgilandi.

    Shularni hisobiga yil yakunigacha Qoraqalpogʻistonda kambagʻallik darajasi hozirgi 13,6 foizdan 8,5 foizga tushishi hisob-kitob qilingan.