Qoraqalpogʻistonda 300 MVt quvvatga ega Modulli intellektual hisoblash markazi barpo etiladi

    Qoraqalpogʻistonda umumiy quvvati 300 megavattga yetuvchi Modulli intellektual hisoblash markazi quriladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Raqamli texnologiyalar vazirligida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda “Shanghai LinkWise Data Intelligence Co., Ltd” kompaniyasi taʼsischisi Uang Xuhui boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv chogʻida Modulli intellektual hisoblash markazini (MIHM) qurish loyihasi va uni amalga oshirish mexanizmlari koʻrib chiqildi.

    Tomonlar markazni barpo etish boʻyicha amaliy qadamlar, texnik infratuzilma, qurilish jarayonlari va markazning samarali ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni muhokama qildi. Loyiha mamlakat raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, yuqori texnologiyalar sohasini kengaytirish va mahalliy investitsiyalarni jalb etish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

    Shuningdek, Qoraqalpogʻistonda mahalliy mutaxassislar tayyorlash, yangi ish oʻrinlari yaratish va yoshlarni raqamli yoʻnalishlarga jalb qilish masalalari ham uchrashuvning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Delegatsiyalar taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish va yosh mutaxassislar uchun qoʻllab-quvvatlash dasturlarini ishlab chiqish takliflarini ilgari surdilar.

    Uchrashuv yakunida MIHM qurilishi boʻyicha amaliy harakatlar rejasi imzolandi. Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi:

    • birinchi bosqich — 60 MVt quvvatdagi data markaz,
    • ikkinchi bosqich — 240 MVt quvvatdagi qoʻshimcha infratuzilma.

    Shu tarzda umumiy 300 MVt quvvatga ega markaz barpo etish rejalashtirilgan.