Qoraqalpogʻistonda boʻlib oʻtgan voqealar boʻyicha sud jarayonlari 28-noyabr kuni boshlanadi

    Voqea-hodisalar 26 Noyabr 2022 1721

    Bosh prokuratura tomonidan 107 nafar ayblanuvchi jamoat kafilligi va qamoq ehtiyot chorasi insonparvarlik tamoyili asosida uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishi orqali oʻz oilasi bagʻriga qaytarildi.

    Xabaringiz bor, 2022-yil 16-iyul kunidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni oʻrganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv oʻtkazish boʻyicha komissiya oʻz ishini boshlagan edi.

    Komissiya inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, voqealarni har tomonlama va holis oʻrganish, shuningdek, olingan axborotlarni qayta tekshirish hamda oʻz faoliyatini jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tashkil qilishni asosiy vazifasi sifatida belgilagan.

    Dastlab, aholi fikrini oʻrganish maqsadida fuqarolarga 1374 qisqa raqamli koll-markazi va toʻgʻridan-toʻgʻri Komissiya shtabiga kelib murojaat qilish imkoniyati yaratilgan boʻlsa, keyinchalik @independetuz_bot telegram kanali ishga tushirilib, murojaatlar elektron tarzda ham qabul qilindi.

    Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasida yuz bergan holat va voqealar joyiga chiqib oʻrganilib, tegishli maʼlumotlar olindi va ular tahlil qilindi. Xususan, bir qator davlat organlari va idoralariga, ijtimoiy obyektlarga, xususan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, harbiy va ichki ishlar gospitallari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, yaʼni Milliy gvardiya, Nukus shahar Ichki ishlar boʻlimi, Nukus shahridagi Shimoliy-gʻarbiy harbiy okrug, Nukus xalqaro aeroportiga tashrif buyurildi.

    Qolaversa, Komissiya fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan koʻplab murojaatlardan kelib chiqqan holda Qoraqalpogʻistonda roʻy bergan voqealarda asosiy gumonlanayotgan va hozirda tergov jarayonida boʻlib turganlar bilan yakka tartibda suhbatlar olib bordi. Bunda sodir etgan qilmishiga pushaymon va ijtimoiy sharoiti ogʻir boʻlgan ayblanuvchilarning roʻyxatlari shakllantirilib, ularni oilasiga qaytarish boʻyicha tegishli choralar koʻrildi.

    Shu kunga qadar Komissiya aʼzolari taklifi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi iltimosnomasiga koʻra, Bosh prokuratura tomonidan 107 nafar ayblanuvchi jamoat kafilligi va qamoq ehtiyot chorasi insonparvarlik tamoyili asosida uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishi orqali oʻz oilasi bagʻriga qaytarildi.

    Tergov jarayonlari davomida ayblanuvchilarning saqlash sharoitlari, qiynoqqa solmaslik, advokat bilan taʼminlanganlik kabi masalalar Mustaqil komissiyaning doimiy nazoratida boʻldi. Komissiya aʼzolari sud jarayonlarida ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etishadi.