Qoraqalpogʻistonda murakkab operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi

    Salomatlik 13 Yanvar 2021 2222

    Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Nukus filiali Neyroxirurgiya boʻlimida markaziy va periferik asab tizimi jarohatlari va kasalliklari davolanib, hudud aholisiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda.

    Bemorlarga aniq va erta tashxis qoʻyish uchun zamonaviy EXO-ES, rentgen, kompyuter tomografiya va boshqa instrumental tekshiruv uskunalari bilan taminlangan.

    Boʻlimda shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj markaziy va periferik asab tizimi jarohatlaridan tashqari bosh miya va orqa miya oʻsimtalari bilan ham bemorlar davolanmoqda.

    Bunga misol tariqasida 2002-yil tugʻilgan G. G. ismli bemor har ikki oyoqlarida sezishning umuman yoʻqolganligi bilan tez yordam mashinasida olib kelindi.

    Bemorning aytishi boʻyicha kasallik 2 oy oldin boshlangan, “shamolladim” deb ambulator sharoitda davolanib yurgan. Soʻnggi kunlari yuqoridagi holatlar paydo boʻlganligi bois tez yordam mashinasi bilan mazkur filialga olib kelingan.

    Bemor neyroxirurglar tomonidan tekshiruvdan oʻtkazilganida: epigastral sohadan pastda sezuvchanlikning pasayishi (gipoesteziya) va yoʻqolishi (anesteziya), oyoqlarda harakatning umuman yoʻqligi (pastgi paraplegiya), tizza, axill reflekslarning umumiy chaqirilmasligi aniqlandi.

    Umurtqaning koʻkrak qafasi MRTda tekshirilganda koʻkrak umurtqasining toʻgʻrisida orqa miyaning ekstramedulyar oʻsimtasi borligi, oʻsimtaning orqa miyani siqib turgani maʼlum boʻldi.

    Bemor muassasa direktori, tibbiyot fanlari nomzodi S. Begaliyev tomonidan koʻrilib, zudlik bilan jarrohlik yoʻli bilan davolash amalga oshirildi. Bemorning barcha qon tahlillari olinib, orqa miyaning ekstramedulyar oʻsimtasi operatsiya yoʻli bilan olib tashlanlandi.

    Bemorda operatsiyadan keyin nevrologik statusida regress paydo boʻlib, bir kundan soʻng oyoqlarda sezuvchanlikning boshlanishi va harakatning paydo boʻlish belgilari yuzaga keldi. Shunday qilib, operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

    Tibbiy muassasalarni zamonaviy tibbiy diagnostika asbob-uskunalari bilan taʼminlash, moddiy-texnik bazasini yaxshilash bemorlarga tez va aniq tashxis qoʻyishda muhim ahamiyatga ega boʻlib, bemorlarning tezroq oyoqqa turishida, sogʻligining tiklanishida oʻz samarasini bermoqda.

    Qoraqalpogʻiston Sogʻliqni saqlash

    vazirligi Axborot xizmati