Qoraqalpogʻistonda navbatdagi shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi boʻyicha tenderda ishtirok etishga 12 ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi

    Energetika 18 Iyul 2022 1396

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida quvvati 200 MVt boʻlgan navbatdagi shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi boʻyicha tenderda ishtirok etishga 12 ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi.

    Joriy yil 1-aprelda Qoraqalpogʻiston Respublikasida navbatdagi shamol elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirilishiga malakali investorlarni tanlash maqsadida “Dastlabki malaka hujjatlari toʻplamini taqdim etishga doir soʻrov” (RFQ) jarayoni bilan boshlanuvchi ikki bosqichli tender jarayoniga start berilgan edi.

    Mazkur RFQ soʻroviga javoban 2022-yil 17-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga xalqaro kompaniyalardan 12 ta ariza kelib tushdi.

    Loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilyapti.

    Loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy va Qoraoʻzak tumanlari hududida quvvati 200 MVtga teng boʻlgan navbatdagi shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.

    Tender jarayoni eng yuqori xalqaro standartlar hamda ochiqlik va shaffoflik talablariga muvofiq oʻtkazilyapti.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati (Hukumat) 2030-yilgacha mamlakatimizda 12 GVt quvvatga ega ekologik toza energiya ishlab chiqarish maqsadida keng koʻlamli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish strategiyasini amalga oshiryapti.

    Ushbu tashabbus doirasida Hukumat Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan umumiy quvvati 2 000 MVt (Shamol dasturi) boʻlgan yirik shamol energetikasi loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha hamkorlik qilish uchun oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi.

    Tender komissiyasi ushbu 12 ta kompaniyadan kelib tushgan arizalarning toʻliqligi va RFQ ning belgilangan shartlariga muvofiqligini baholashga kirishadi, shundan soʻng malakali ishtirokchilar eʼlon qilinadi. Keyinchalik malakali ishtirokchilar tender jarayonining ikkinchi bosqichida (Takliflar soʻrovi (RFP)) ishtirok etishga taklif etiladi.

    Tenderda qiziqish bildirgan, dastlabki saralash talabnomalarini taqdim etgan hamda arizalari tender komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladigan va baholanadigan kompaniyalar roʻyxati (alifbo tartibida):

    1) Abu Dhabi Future Energy Company PJSC – Masdar (BAA)

    2) ACWA Power Company (Saudiya Arabistoni)

    3) Concord New Energy Group Limited (Gonkong)

    4) Consortium of China Datang Overseas Investment Co. Ltd. va Goldwind International Holdings (HK) Limited (Xitoy, Gonkong)

    5) Consortium of GD Power Development Co. Ltd. va China Shenhua Energy Company Limited (Xitoy)

    6) EDF Renewables (BAA)

    7) Eksim Enerji Anonim Şirketi (JSC Eksim Enerji) (Turkiya)

    8) Gaia Energy Limited (Kayman orollari)

    9) ReNew Vyan Shakti Private Limited (Hindiston)

    10) The Kansai Electric Power Company (Yaponiya)

    11) Universal Energy Co. Ltd. (Xitoy)

    12) Voltalia SA (Fransiya)

    Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 24-fevralda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumaniga tashrif buyurib, 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshini qoʻyib bergan edi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ushbu tenderni qoʻllab-quvvatlovchi Yaponiya hukumati va YETTBga tashakkur bildiradi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati