Qoraqalpogʻistonda oʻquvchilarga bepul tushlik tarqatilayotgani boʻyicha tekshirish oʻtkaziladi

    Ta'lim 2 Noyabr 2022 2763

    Oʻtib borayotgan yangi oʻquv yilida Xorazm viloyatida keytering usulida bepul ovqat berish 94 foiz maktablarda yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, Qoraqalpogʻistonda bu amaliyot hali toʻliq boshlanmagan.

    1-noyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov raisligida boʻlib oʻtgan xalq taʼlimi sohasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida Qoraqalpogʻiston Respublikasida maktab oʻquvchilariga bepul tushlik berish bilan bogʻliq muammo ham tanqidiy muhokama qilindi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022-yildan boshlab Xorazm hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1-4 boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul tushlik berish yoʻlga qoʻyilgan edi. Oʻtib borayotgan yangi oʻquv yilida Xorazm viloyatida keytering usulida bepul ovqat berish 94 foiz maktablarda yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, Qoraqalpogʻistonda tender tanlovlarini oʻtkazish davom etayotganligi bois ushbu amaliyot hali toʻliq boshlanmagani haqida maʼlumot berildi.

    Mazkur masala yuzasidan Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev maʼlumot berdi. Uning maʼlum qilishicha, tender savdolarining bir qismi yakunlanib, 19-sentyabrdan boshlab ayrim maktablarda bepul tushlik berish boshlangan. Shuningdek, oktyabr oyida ham tender tanlovlari davom ettirilgan, tez orada oxirgi tender savdolari oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

    Sardor Umurzakov Prezidentning xayrli tashabbusi ijrosiga nisbatan masʼullarning bunday sustkashlikka yoʻl qoʻygani uchun eʼtiroz bildirdi. Gap boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ovqatlari haqida ketayotganini, bu masalaga mutlaqo panja ortidan qarash mumkin emasligini, davlat byudjetidan barcha tegishli mablagʻlar ajratilib, moliyaviy masala birorta muammo yoʻqligini alohida taʼkidladi.

    Qoraqalpogʻistonda oʻquvchilarga bepul tushlik tarqatilayotgani boʻyicha Xalq taʼlim vazirligi, Bosh prokuratura hamda Hisob palatasi vakillari ishtirokida tekshirish oʻtkazilishi maʼlum qilindi.