Joriy yilning 27-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali ayol kishining turmush oʻrtogʻiga haqoratli soʻzlarni aytib, farzandini urib haqorat qilganligi haqidagi video material tarqalgan.
Aniqlanishicha, 19.07.2023-yilda Qoraoʻzak tumani, Qutli makon MFYda yashovchi fuqaro P.J. Qozogʻiston Respublikasida ishlab yurgan turmush oʻrtogʻi K.S. bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik natijasida, voyaga yetmagan farzdandi T.J.ga tazyiq oʻtkazib, uni haqorat qilganligi tasvirlangan videoni turmush oʻrtogʻi K.S.ga telegram messenjeri orqali yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan 27.07.2023-yilda Qoraoʻzak tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan fuqaro P.J.ga nisbatan JKning 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (voyaga yetmagan shaxsni muttasil ravishda doʻpposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, xozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, mazkur oilada tarbiyalanayotgan uch nafar voyaga yetmaganlarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan ularning holidan xabar olinib, maktabgacha va maktab taʼlimi hamda ichki ishlar organlarining psixolog xizmati xodimlari jalb qilindi.
Hozirda voyaga yetmaganlar Qozogʻiston Respublikasidan qaytib kelgan otasi K.S.ning qaramogʻiga topshirildi.
Jinoyat ishi tergovi Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.