Qoraqalpogʻistonda qirgʻovullarni ovlash taqiqlandi

    Yashil sayyora 18 Yanvar 2022 1051

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasining tavsiyasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2022-yil 13-yanvardagi “Respublikada qirgʻovullarni muhofaza qilish va sonini koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilinib, hududda 2022-2023-yillarda qirgʻovullarni ovlash taqiqlandi.

    Mazkur qaror bilan qoʻmitaga Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda qirgʻovullarning noqonuniy ovlanishining oldini olish boʻyicha ishlarni faollashtirish, qirgʻovullarning noqonuniy ovlanishiga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan amaldagi qoidalarga muvofiq va belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrish topshirildi, deya xabar beradi OʻzA.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari boʻlimi bosh mutaxassisi Alisher Yakubovning taʼkidlashicha, qirgʻovullarni ovlash taqiqlanmagan, masalan, oʻtgan yilda ajratilgan kvota doirasida Qoraqalpogʻiston ovchilariga 1800 bosh qirgʻovulni ovlashga ruxsatnoma berilgan. Lekin, qirgʻovullarning bosh sonini koʻpaytirish zarurligi mutaxassislar tomonidan eʼtirof etilgani bois ikki yillik taqiq oʻrnatilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida 2022-2023-yillarda qirgʻovullar ovlanishining taqiqlanishi albatta, yaqin ikki yil ichida qirgʻovullar sonining koʻpayishiga xizmat qiladi.