Toʻrtkoʻldagi “Yonbosh” kanalidan yiliga oʻtadigan 115 million kub metr suvning 44 millioni yoʻqotiladi. Kanal toʻliq betonlansa, yana 9 ming gektarga suv yetkazish va 15 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasini yaratish mumkin.

Boʻzatovdagi “Erkindaryo” kanalining 8 kilometrini betonlash hisobiga foydalaniladigan yer 3 ming gektarga koʻpayadi, 15 ming gektarda suv taʼminoti yaxshilanadi. 3 ta suv inshooti va 22 ta artezian quduq barpo etilishi yana 5 ming gektar ozuqa maydonini yaratish imkonini beradi.

Ushbu ishlarga jami 135 milliard soʻm ajratish, ikki kanalni 1-martgacha betonlash topshirildi. Toʻrtkoʻl va Boʻzatovda kelasi yil 17 ming gektarda ozuqa ekib, 2 ming odamni daromadli qilish vazifasi belgilandi.

Suv obyektlarini modernizatsiya qilish uchun Yaponiyadan 4,5 million dollar grant jalb qilingani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi. Kelasi yil bunday grantlarni 100 million dollarga yetkazish topshirildi.

Oʻtgan yili 30 milliard soʻm hisobiga 276 ta suv nasosi energiya tejamkoriga almashtirilib, yiliga 16 million kilovatt-soat elektr tejalmoqda. 1-aprelgacha Qoraqalpogʻistondagi 59 ta, qolgan viloyatlardagi yana 200 ta nasos yangilanadi.