Qoraqalpogʻistonda Toʻrtkoʻl — Ellikqalʼa — Beruniy aylanma yoʻli quriladi

    Osiyo taraqqiyot banki Qoraqalpogʻiston yoʻllarini modernizatsiya qilish uchun 230 mln dollardan ortiq mablagʻ ajratadi.

    Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagining (Oʻrta yoʻlak) muhim qismini modernizatsiya qilish uchun Oʻzbekistonga 233,1 mln dollar qarz ajratishni maʼqulladi.

    Oʻrta yoʻlakning barqarorligini oshirish va modernizatsiya qilish loyihasi Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi “Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu” (A380) avtomobil yoʻlining taxminan 87 km qismini rekonstruksiya qilishni nazarda tutadi. Loyiha doirasida 75 km uzunlikdagi yangi aylanma yoʻl (“Toʻrtkoʻl — Ellikqalʼa — Beruniy”) qurilishi hamda mavjud A380 avtomobil yoʻlining 12 km qismini qayta qurish rejalashtirilgan.

    Loyiha iqlimga chidamli yechimlar, jumladan, sement-beton qoplamalar, baland koʻtarmalar va takomillashtirilgan drenaj tizimlarini joriy etishni nazarda tutadi. Bu esa, iqlim taʼsiri va ekstremal ob-havo sharoitlariga chidamlilikni oshiradi.

    Mazkur investitsiya Oʻzbekistonning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi oʻrnini mustahkamlaydi va Qoraqalpogʻistonda inklyuziv iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlaydi. Iqlimga chidamli infratuzilma va aqlli transport tizimlarini qoʻllash orqali loyiha uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi, shu bilan birga, aholi va tadbirkorlar uchun xavfsizroq va samaraliroq harakatlanish imkoniyatini yaratadi.

    Shuningdek, loyihada yoʻlak boʻylab beshta dam olish va xizmat koʻrsatish maskani tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Ularda, jumladan, elektromobillarni quvvatlash shoxobchalari hamda ayollar uchun xavfsiz va qulay sharoitlar yaratiladi.

    Loyihaning umumiy qiymati 293,7 million dollarni tashkil etib, Oʻzbekiston hukumati 60,6 million dollar miqdorida hissa qoʻshadi.