Qoraqalpogʻistonda yirik shamol elektr stansiyasi quriladi

    Energetika 4 May 2021 2257

    2021-yilning 3-may kuni “ACWA Power”, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oʻrtasida shamol energetikasi loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida bitim imzolandi.

    Mazkur loyiha Qoraqalpogʻistonda 1500 MVt quvvatga ega shamol energetikasini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishdan iborat boʻlib, u foydalanishga topshirilgandan soʻng Markaziy Osiyo mintaqasi va dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasiga aylanadi.

    “Ushbu loyiha mamlakatingiz uchun yana bir muhim yutuq hisoblanib, “ACWA Power” kompaniyasining ulkan qayta tiklanadigan energiya manbalari va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun Oʻzbekistonda rivojlanib borayotgan bozor iqtisodiyoti sharoitida mamlakatingiz bilan hamkorlikda ishlashga sodiqligini kuchaytiradi”, – dedi Saudiya Arabistoni kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan.

    “Energiya ishlab chiqaruvchi sifatida biz Oʻzbekistonda kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtishda Yaqin Sharq va ayniqsa Saudiya hamkorlarimizdan koʻp narsalarni oʻrganmoqdamiz. “ACWA Power” loyihasi ushbu jarayonga katta hissa qoʻshadi. Bizning rejamiz 2030-yilga borib elektr energiyamizning 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarishdir”, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xodjayev.

    Loyiha taxminan 4 million xonadonning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirishi va yiliga taxminan 2,5 million tonna karbonat angidrid gazini qoplashi kutilmoqda. Bu Hukumatning oʻsib borayotgan ehtiyojni qondirish uchun oʻn yil ichida qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirish maqsadlariga bevosita hissa qoʻshadi.

    Loyiha Oʻzbekiston hukumatining energetika sohasida amalga oshirilayotgan strategik islohotlarga muvofiq mamlakatning energiya balansini diversifikatsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

    “ACWA Power” kompaniyasi shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yil boshida tuzilgan umumiy ishlab chiqarish quvvati 1000 MVt boʻlgan ikkita shamol energetikasi loyihasining investori hisoblanadi. Bu borada elektr energiyasini sotib olish boʻyicha shartnomalar (PPA) va investitsiya shartnomalari imzolandi. Bundan tashqari, Saudiya kompaniyasi Sirdaryoda yuqori samaradorlikka ega boʻlgan, umumiy quvvati 1500 MVt ga teng boʻlgan issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirmoqda.

    Energetika vazirligi Matbuot xizmati