Qoraqalpogʻistonda yurak nuqsoni bilan tugʻilgan bolalarda murakkab operatsiyalar oʻtkazilyapti

    Salomatlik 26 Iyul 2022 2931

    Yaqinda Toshkent va Samarqandning eng mohir kardioxirurglari 170 nafar bemorda yurak jarrohligi amaliyotini oʻtkazish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasiga keldi.

    Shifokorlar dastlab Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutining innovatsion klinikasida bemorlarni tekshiruvdan oʻtkazdi. Shu joyning oʻzida 18 yoshgacha boʻlgan bolalarda murakkab operatsiyalarni bajarishga kirishildi.

    Shuningdek, yuqori texnologik muolajalarning bir qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasi bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida oʻtkazildi.

    Natijada qanchadan qancha ehtiyojmand oilalarning bemor farzandlari uzoq yillik dardidan sanoqli soatlarda xalos boʻlib, yana sogʻlom hayotga qaytdi.

    Raʼno Xalmuratova qizi Elenora Kenesbayevaning xastaligidan jiddiy tashvishda edi. Jigarbandi 15 yildirki tugʻma yurak nuqsonidan aziyat chekib keladi.

    Ammo zarur mablagʻ jamgʻara olmagani tufayli farzandini Toshkent shahriga davolatish uchun olib borishga imkon topolmayotgan onaning koʻngli endi xotirjam.

    Nukusga kelgan shifokorlar Elenorada uzoq yillar orziqib kutilgan murakkab operatsiyani bepul va eng muhimi, muvaffaqiyatli bajardi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    — Har yili oʻgʻil-qizlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, kasallikka chalinganlarni roʻyxatga olyapmiz, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Alima Matkarimova.

    — Muassasamizga Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Samarqand hududiy filialidan yetakchi mutaxassislar kelgani bemorlar uzogʻini yaqin, mushkulini oson qildi.

    Birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan oila farzandlariga eʼtibor qaratilib, ularda murakkab kardioxirurgik amaliyotlar oʻtkazilyapti.

    — Bu bizning Qoraqalpogʻistonga ikkinchi tashrifimiz, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Maqsud Saidov. — Joriy yil mart oyida birinchi marta Nukusda yurak operatsiyalarini amalga oshirgandik.

    Bu galgi operatsiyalar ham toʻliq davlat hisobidan bajarilyapti. Shuningdek, tashrifimiz davomida mahalliy kardioxirurglar malakasini oshirish jarayoniga ham koʻmaklashyapmiz.