Qoraqalpogʻistonga koronavirus testini tahlil qiluvchi koʻchma apparat sovgʻa qilindi

    Salomatlik 30 Iyul 2020 1735

    Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan COVID-19 virusini aniqlovchi “Mini 8 Plus Real-Time PSR System” uskunasi va 1400 ta test tizimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya farovonligi markaziga begʻaraz yordam sifatida topshirildi.

    “Mini 8 Plus Real-Time PSR System” Germaniyada ishlab chiqarilgan boʻlib, funksional jihatdan katta — standart apparatlardan farq qilmaydi. PZR (polimer zanjir reaksiyasi) asosida ishlovchi mazkur mobil molekulyar uskuna foydalanuvchilar uchun qulay boʻlgan oddiy interfeys bilan jihozlangan.

    Birdaniga 8 ta namunani tekshirish quvvatiga ega boʻlib, aksariyat tijoriy reagentlarga mos keladi. Bundan tashqari, tizim avtomatik tarzda tanlangan elektron manzilga maʼlumotlarni yuborish imkoniyatiga ega. Shu bois laboratoriya xodimlari ish vaqtlaridan unumli foydalanadilar, mijozlar esa zudlik bilan kasallikka chalinganlari yoki chalinmaganliklari toʻgʻrisida maʼlumot oladilar.

    Uskunaning sozlashga ehtiyoj yoʻqligi, yengil va kichik hajmli ekani bois uni bemalol laboratoriya ichida yoki boshqa joylarga koʻchirib yurish mumkin. Olis hududlarda diagnostika ishlarida foydalanishga moʻljallangan mazkur uskuna avtonom rejimida ishlashga moʻljallangan boʻlib, rozetka orqali ham, batareyalar orqali ham ishlaydi.

    Mazkur qurilma koronavirus va boshqa yuqumli kasalliklarni aniqlashdan tashqari genotiplash, yaʼni nasldan naslga oʻtadigan kasalliklarni topish, shuningdek, hujayradagi genlarning oʻzgarganlik darajasini tahlil qilish hamda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini aniqlash imkonini beradi. Hatto, bu apparat yordamida, masalan, “mol goʻshti” deb yozilgan qadoqdagi kotletda tovuq goʻshtining bor-yoʻqligini yoki zararli kimyoviy moddalar ishlatilgan-ishlatilmaganini bilish mumkin.