Qoraqalpog‘istonlik ota-onalar askar farzandlari bilan onlayn muloqot qildi

    Harbiy 7 Yanvar 2025 202

    Diydor shirin deydilar. Chindan ham diydorga nima yetsin. Bugun, zamonaviy texnologiya, texnika asrida kimnidir sog‘insangiz, yo‘l bosib yurmaysiz.

    Qo‘lingizdagi smartfon qurilmasi minglab chaqirim naridagi inson bilan yuzlashtira oladi, uzoq vaqt ko‘rmagan aziz insoningiz bilan uchrashtiradi.Ilgari askarlar ota-onasini sog‘ingan vaqti uzundan-uzun maktublar bitar, yo bir imkon topib, qo‘ng‘iroq qilardi. Hozir esa, zamon bilan hamnafas askarlar ota-onasi bilan videomuloqot qilyapti. Ha, ular onlayn uchrashish baxtiga erishmoqda.

    Ana shunday uchrashuvlardan biri, Nukus garnizoni Ma'naviyat va ma'rifat markazida bo‘lib o‘tdi. “Vatanparvarlik oyligi” doirasida o‘tkazilgan teleko‘prikda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Samarqand viloyatiga harbiy xizmatga yuborilgan askarlar va Samarqand viloyatidan Nukus garnizonidagi harbiy qismlarda yigitlik burchini o‘tayotgan alpqomat yigitlarning yaqinlari bilan uchrashuv tashkil etildi.

    “Askar onalarini sharaflaymiz!” nomli tadbir hayajonli daqiqalarga boy bo‘ldi. Ota-onalar farzandlari bilan diydorlasharkan, ko‘zlarida sevinch yoshlari bilan dilbandiga omad va zafarlar tilab qolishdi. Askarlar ham endi kechagi erka bola emas, balki egnidagi harbiy libosiga yarashiq so‘zi bor, haqiqiy Vatan o‘g‘loni bo‘lganini suhbat davomida sezilib turdi.

    Shu kungi uchrashuvda qoraqalpog‘istonlik bir guruh ota-onalar harbiy qism komandirining minnatdorchilik xati bilan taqdirlandi, deb xabar beradi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati.

    Minajatdin Qutlыmuratov,

    «Yangi O‘zbekiston» muxbiri