Qoraqalpogʻistonni yanada iqtisodiy rivojlantirish imkoniyatlari oʻrganilmoqda

    Mamlakatimizda 7 Yanvar 2022 1612

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bugungi holatini oʻrganish hamda uning investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyatidan toʻliq foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida mazkur hududga yoʻl oldi.

    Safar davomida ishchi guruh aʼzolari bir qator ishlab chiqarish obyektlarida boʻlib, ishlab chiqarishning texnologik jarayonini oʻrgandi va loyihalar tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Suhbatda tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirish, qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksportini tashkil etishning istiqbollari muhokama qilindi.

    Viloyatning koʻplab yoʻnalishlardagi iqtisodiy salohiyati ishga solinmayotgani maʼlum qilindi, shu bois ustuvor tarmoqlarda qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratgan holda, sanoatni rivojlantirish uchun tumanlar va mahallalar kesimida barcha zaxiralar va imkoniyatlarni oʻrganish yuzasidan ishlarni faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.

    Uchrashuvlar davomida tadbirkorlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish jarayonida duch kelgan muammolarni koʻtardilar. Barcha bildirilgan masalalar har tomonlama oʻrganildi, ularni hal etish algoritmlari ishlab chiqildi va masʼul rahbarlarga tegishli koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.