Bu haqda Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Davlatimiz rahbarining qoʻshni davlatlar bilan doʻstona, ochiq, oʻzaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosati tufayli soʻnggi yetti yilda birgina Qirgʻiziston bilan tovarlarning tashqi savdo aylanmasi 3 barobar oshdi.
Qirgʻiziston bilan chegarada joylashgan bojxona postlari orqali harakatlangan fuqarolar, yuk avtotransportlari va temir yoʻl vagonlari soni 7 barobarga oshdi.
2017-yilda ikkala davlat oʻrtasida 2,3 million nafar fuqaro harakatlangan boʻlsa, bu raqam 2023-yilga kelib 16 millionga yetdi.
Ayniqsa, qirgʻiz hamkorlar bilan tovarlar eksporti va importini amalga oshirayotgan tadbirkorlar soni salkam uch barobarga yetdi.
Bugun uzoq yillik tanaffusdan soʻng faoliyati qayta tiklanayotgan “Qorasuv” va “Uchqurgʻon” chegara bojxona postlari yuqoridagi koʻrsatkichlarining yanada oshishiga ijobiy ragʻbat beradi.