Ushbu tashabbus taʼlim olayotgan yoshlarning qish mavsumidagi yoʻl qatnovida yuzaga kelgan turli noqulayliklarini bartaraf etish maqsadida Qoʻrgʻontepa tumani hokimligi hamda tumandagi faol fermer va tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Talabalar uchun Qoʻrgʻontepaning 8 ta hududiga (Markaz, Qoʻrgʻontepa, Qorasuv, Sultonobod, Dardoq, Chimyon, Qoʻshtepa, Savoy qishloqlariga) jami 11 ta avtobuslar yuboriladi.
Talabalar yakshanba kuni oʻzlari yashovchi hududlaridan avtobusga oʻtiradi va oʻqish joyiga qadar eltib qoʻyiladi. Shanba kuni esa, oʻqish joylari oldidan uylariga qadar olib kelinadi. Buning uchun tuman hokimligi maxsus chipta joriy qildi.
Kecha birinchi qatnov amalga oshirildi. Jarayonlarni tashkil etishda yoshlar ishlari agentligi va yoshlar yetakchilari alohida faollik koʻrsatmoqda. Avtobuslar hududlardan 16:00 da talabalar bilan Andijon shahri tomon yoʻlga chiqdi.