“Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullandi

    Xavfsizlik 28 Aprel 2022 2652

    Senatning yalpi majlisida “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

    Jismoniy shaxslarning hayotini va sogʻligʻini, ularning mol-mulkini hamda obyektlarini tajovuzlardan himoya qilish, qoʻriqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qoʻyish qonunning asosiy vazifalari hisoblanadi.

    Qonunda qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar roʻyxati tasdiqlanib, Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻriqlash faoliyatini chet davlatlarning tashkilotlari va ularning xususiy qoʻriqlash tashkilotlari tomonidan amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmasligi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qisqa muddatli tashrif bilan kelgan oliy darajali mehmonlar xavfsizligini taʼminlash hollari mustasno ekanligi belgilangan.

    Shuningdek Qonunda qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar harbiy xizmatchilarining, xodimlarining, ishchilari va xizmatchilarining huquq va majburiyatlari, ushbu lavozimlarga nomzod boʻlganlarga qoʻyiladigan talablar, soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish, harbiy xizmatchi va xodimlarining kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligi holati bilan bogʻliq normalar nazarda tutilgan.

    Qonunda jismoniy kuch ishlatish mumkin boʻlgan holatlar, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qoʻllash shartlari va tartibi, qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik bilan bogʻliq normalar mustahkamlab qoʻyilgan.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.