Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Oʻzbekistonda qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) ning 15 dan 12 foizga tushirilishi isteʼmol tovarlari narxiga qanday taʼsir koʻrsatishini oʻrgandi.
QQS toʻlovchisi boʻlgani va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli tahlil uchun milliy supermarketlardagi narxlar asos qilib olindi. Jumladan, 97 turdagi 3 ming 754 ta isteʼmol tovari boʻyicha toʻrt oylik statistik maʼlumotlar “data-scraping” yoʻli bilan yuklab olindi. Har bir tovar turi boʻyicha dekabr va yanvar oylarida narxlar oʻrtasidagi oʻzgarish (treatment group) noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar oʻzgarishi (control group) bilan solishtirildi.
Natijalar shuni koʻrsatadiki, QQS 15 dan 12 foizga tushirilishi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelmagan. Jumladan, dekabr-yanvar oylarida narxlardagi oʻzgarish noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar oʻzgarishiga nisbatan 0,3 foiz punktiga koʻp boʻlgan. Bu degani boshqa barcha omillarning taʼsir kuchi toʻxtatib turilgan taqdirda ham 2,6 foizga tushishi kerak boʻlgan narxlar 0,3 foizga oshgan.
Xususan, 46 ta guruh boʻyicha 1 ming 115 ta tovar narxi oʻzgarmagan (bolalar ozuqasi, muzqaymoq, makaron, tana parvarishi mahsulotlari va boshqalar). 20 ta guruh boʻyicha 1 ming 306 ta tovar narxi 1 foizgacha oshgan (shokolad, shirinlik, gigiyena mahsulotlari va b.). 12 ta guruh boʻyicha 585 ta tovar narxi 1-5 foizga oshgan (kir yuvish kukunlari, meva, goʻsht mahsulotlari, sut va b.). 7 ta guruh boʻyicha 567 ta tovar narxi (1,6 foizgacha) pasaygan (kanselyariya tovarlari, souslar, qahva va b.).
Avvalroq institut ekspertlari “Input-output” modeli asosida iqtisodiyotning 78 ta tarmogʻi uchun QQS stavkasining 3 foiz punktiga pasaytirilishi, xarajatlarning kamayishiga va buning hisobiga iqtisodiyotning real sektorida narxlarning 0,8 foiz punktiga pasayishiga olib kelishini aniqlagan edi. Ammo, amaliyotda esa hozircha tadbirkorlar soliq boʻyicha olgan yengillikni isteʼmolchiga oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qilmayapti.
QQSning tushirilishi narxlar darajasiga taʼsir etmaganligining asosiy sabablari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
- Isteʼmol tovarlari bozorida xufyona iqtisodiyot ulushining kattaligi va soliqlardagi pasayishlar rasmiy ishlayotgan firmalarning nisbatan kichik miqdordagi foyda marjasi oshishiga yoʻnaltirilishi;
- Bozorlarda tegishli ravishda raqobat muhitining shakllanib ulgurmagani;
- Narxlarga taʼsir etuvchi boshqa asosiy omillar (dollar kursi, qayta moliyalash stavkasi, pul massasi va b.) taʼsir kuchining oshib borishi.