Qo'shimcha bank xizmatlari qoraqalpog'istonlik ishbilarmonlarga qulaylik yaratyapti

    Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonliko'l tumanida ishga tushirilgan “O'zsanoatqurilishbank” ATBning yangi bank xizmatlari markazi ham tadbirkorlar uchun qo'shimcha qulaylik bo'ldi.

    Tadbirkor bor joyda hududlar rivojlanib, sohalarda o'sish, aholi daromadlarining ortishi, ishsiz odamlar bandligi ta'minlanayotgani yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Eng chekka hududlardagi o'qimagan, biror kasb-korga ega bo'lmagan insonlar ham yangi tashkil etilayotgan korxona, ishlab chiqarish tsexlarida mehnat qilib, daromad topyapti. Keyinchalik ishni puxta egallab, o'zi tadbirkorlikka qo'l urayotganlar ham ko'p. Ya'ni, yurtimizda tadbirkorlik qanchalik faol qo'llab-quvvatlanayotgan bo'lsa, odamlar bundan shuncha unumli foydalanib, o'zi va atrofdagilarning turmush farovonligini oshirish, mamlakat iqtisodiy rivojiga hissa qo'shmoqda.

    Shu kunlarda qaysi ishbilarmon bilan suhbatlashmang, yaqinlashib kelayotgan 20-avgust — Tadbirkorlar kuni hamda yilning eng kutilgan voqealaridan bo'lgan Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti haqida gapiradi. Haqiqatan, biznes doira vakillari bu uchrashuvni har yildagi kabi katta qiziqish bilan kutmoqda. Nafaqat kutyapti, balki taklif va tashabbuslarni bildirishda faollik ko'rsatmoqda. Maqsad — sohada mavjud muammolarni o'rtaga tashlab, birgalikda hal etishga erishish, tadbirkorlar manfaatdorligini yanada ta'minlashdan iborat.

    Ochiq muloqot bu yil ilk bor Qoraqalpog'iston Respublikasida o'tkazilishi e'lon qilingan. Shuning o'ziyoq tadbirning avvalgi yillardan farqli bir jihatidir. Ushbu manzilda jam bo'ladigan tadbirkorlarimiz Prezidentimiz bilan bu galgi uchrashuvda ham taklif va muamolarni o'rtaga tashlab, birgalikda yurtimizdagi barcha ishbilarmonlar uchun manfaatli tashabbuslarni qabul qilishga erishishi kutilmoqda.

    Oson va qulay

    Ochiq muloqotning Toshkent shahridan tashqari, birinchi bo'lib Qoraqalpog'iston Respublikasida o'tkazilayotgani bejiz emasdek. Keyingi yillarda bu hudud biznes uchun jozibador manzilga aylanib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog'istonga sayyohlar qiziqishi ortib borayotgani turizm yo'nalishidagi tadbirkorlikning o'sishiga xizmat qilyapti.

    Qoraqalpog'iston Respublikasi 2 milliondan ortiq aholiga ega kattagina hudud. 17 ta shahar va tumanda 452 ta mahalla mavjud bo'lib, odamlar turli sohalardan daromad topadi. Aholi bandligini ta'minlash va ular orasida tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan harakatlar to'g'ridan to'g'ri mahallalar kesimida amalga oshirilmoqda. Ya'ni, hududda biznes muhitini oshirishga katta e'tibor qaratilyapti. Davlatimiz rahbarining joriy yil 9-fevraldagi “Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta'minlashning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida ham ushbu jihatlar aks etgan.

    Bu borada yangicha yondashuvlarning joriy etilgani ham alohida ahamiyatga ega. Gap “O'zsanoatqurilishbank” aktsiyadorlik tijorat bankining Qoraqalpog'iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda mas'ul muassasa etib belgilangani haqida bormoqda. Mazkur hamkorlikning asosiy maqsadi hududdagi tadbirkorlarni yanada qo'llab-quvvatlash, barcha zarur moliyaviy ko'maklarni berish hamda bank xizmatlarini ko'rsatishda tezkorlik va zamonaviylikni oshirib, ishbilarmonlarga qulayliklar yaratishga qaratilgan. Bu borada bank tomonidan ko'plab loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, hududda investitsiya salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va yuqori qo'shilgan qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag'batlantirishga qaratilgan amaliy ishlar faol davom etyapti.

    — Qoraqalpog'iston Respublikasidagi 452 ta mahalla bankka biriktirilgan bo'lib, joriy yilda ularda istiqomat qiladigan 120,7 ming aholi bandligini ta'minlash hamda 86,6 ming aholini biznesga jalb qilish bo'yicha har bir yo'nalish, soha, tuman (shahar) va mahallalar kesimida oyma-oy reja jadvali ishlab chiqilgan, — deydi “O'zsanoatqurilishbank” ATBning Qoraqalpog'iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Minajatdin Uzakbayev. — Bunda investitsion loyihalardan tortib, xizmat ko'rsatish, qishloq xo'jaligi, tadbirkorlik kabi barcha yo'nalishlar qamrab olingan. Bu aholining qiziqishi, imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Jumladan, biriktirilgan mahallalarda tadbirkorlik qilish istagida bo'lgan, ishsiz aholi bandligini ta'minlash, tomorqalaridan samarali foydalanish, bozorbop mahsulotlar etishtirish va sotish bo'yicha tizimli ishlashni yo'lga qo'yyapmiz. Kuzatuvlarimiz natijasida ko'pgina odamlarning o'z tomorqa yerlaridan fodalanishga qiziqishi borligi, ammo mablag' yo'qligi sabab imkon topa olmayotganiga guvoh bo'ldik. Shu bois, bank tomonidan bu yo'nalishda yangi kredit maxsulotlari ishlab chiqildi.

    “O'zsanoatqurilishbank”ning oldiga qo'yilgan vazifalardan biri aholini tadbirkorlikka rag'batlantirish, buning uchun qulay moliyaviy manbalarni yaratishdan iborat edi. Shu maqsadda, bank tomonidan ishbilarmonlarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash hisobidan yangi ish o'rinlari yaratilishini ta'minlashga qaratilgan 30 dan ortiq jozibador bank mahsulotlari ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etildi. “Biznesga birinchi qadam”, “Biznesga birinchi qadam — 2”, “Tadbirkorga ko'mak”, “Yashil ish o'rinlari”, “Mikro”, “Imkoniyat”, “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis”, “Mahalla tadbirkori” kabi amaliyotlar shular jumlasidan.

    Ayni paytda Qoraqalpog'istondagi yuz mingdan ziyod jismoniy va 2,5 mingdan ortiq yuridik shaxslar ushbu bank xizmatlaridan foydalanmoqda. Aholi, xususan, tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy, tezkor, ilg'or texnologiyalarga asoslangan xizmatlar soni ortib boryapti. SHu yilning iyun` oyidan Qoraqalpog'iston Respublikasi tarmoqlarida ishga tushirilgan anderrayting xizmati ulardan biri.

    Mutaxassislarning tushuntirishicha, mazkur xizmat kredit ajratish jarayonining shaffofligini ta'minlaydigan, kredit bo'yicha mas'ul shaxslar tomonidan xolislik tamoyili asosida, shaxsiy manfaatlar ishtirokisiz qaror qabul qilishga asoslangan tizimdir. Ajratilayotgan kreditlarlarni rasmiylashtirish va uning so'ndirilishigacha bo'lgan barcha jarayonlarni nazoratda ushlash kreditlarni boshqarish xizmati zimmasiga yuklatilgan. Ushbu ikki tuzilma bank kredit portfeli sifatini saqlash hamda muammoli kreditlar ulushini kamaytirishda ta'sirchan mexanizm ekani aytilmoqda.

    Asosiysi, joriy etilgan kreditlashning yangi mexanizmi tizimda korruptsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qilyapti. Ya'ni, yuridik va jismoniy shaxslarga ajratiladigan kredit hujjatlari ortiqcha byurokratik to'siqlarsiz, shaffoflik tamoyili asosida qisqa muddatda ko'rib chiqilmoqda. Natijada, jismoniy shaxslarning kredit hujjatlarini o'rganish 1 soatdan 15 minutga, yuridik shaxslarnikini esa 1 kundan 2 soatga qadar qisqartirishga erishilgan.

    Masofa yaqin bo'ldi

    Tadbirkor moliyaviy amaliyotlarining ko'pini bank xizmatlari orqali amalga oshirishi sir emas. Avvallari bu jarayonning qanchalik qiyin bo'lgani, bankka borgan odamning bir necha kunlab ishi bitmaganini ko'pchilik yaxshi eslaydi. Hozir aksariyat xizmatlar elektron, inson omilisiz qisqa fursatlarda amalga oshirilyapti. Bu har daqiqasi qimmatli bo'lgan tadbirkor uchun katta qulayliklardan biri.

    O'tgan yili davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ham bank-moliya masalalari ko'tarilgan edi. Umuman, bu doimiy takomillashtirib, qulayliklarni oshirib borishni taqozo etadigan tizim. Raqobat muhitida tijorat banklari ham shunga intilyapti. Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida moliyaviy xizmatlar ko'lamini kengaytirishga urinmoqda.

    Kuni kecha Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonliko'l tumanida ishga tushirilgan “O'zsanoatqurilishbank” ATBning yangi bank xizmatlari markazi ham tadbirkorlar uchun qo'shimcha qulaylik bo'ldi. Hudud ahli shu kunga qadar bank xizmatlaridan foydalanish uchun 30 kilometr uzoqlikda joylashgan “Qo'ng'irot” BXMga borishga majbur edi. endi tumanning o'zida ochilgan yangi bank xizmatlari markazi odamlar, ayniqsa, biznes egalarining vaqti va naqdini tejaydi.

    — Soham yuzasidan bank xizmatlariga ko'p ishim tushadi, — deydi “Tazabay-To'lg'anay” nodavlat ta'lim muassasasi rahbari Zina Yusupniyazova. — Hozir banklarda xizmat ko'rsatish sifati yuqori, tezkorlik, shaffoflik borligi bizni qoniqtiradi. Ammo yozning chillasi, qishning qirovli kunlari Qo'ng'irotga qatnash biroz malol kelardi. Tumanimizda bank tarmog'ining ochilgani yaxshi bo'ldi, bu, biz tadbirkorlarga har tomonlama engillik yaratadi.

    Ma'lumotlarga ko'ra, Qonliko'l tumanida 54 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ayni paytda 880 dan ortiq tadbirkorlik sub'ekti faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, tumandagi 88 ta byudjet tashkilotida 4 mingdan ziyod xodim mehnat qiladi. Bu mazkur hududda bank xizmatlariga talab borligi hamda mijozlarni oshirish imkoniyati yuqori ekanidan dalolat.

    — Talab bor joyda taklif ham bo'ladi. Qoraqalpog'iston Respublikasida so'nggi yillarda kechayotgan jadal rivojlanishlar, tadbirkorlar sonining ortishi, aholi bandligi oshib borayotgani, o'z-o'zidan, bank xizmatlariga bo'lgan talabni oshirmoqda, — deydi Minajatdin Uzakbaev. — Bugungi kunda Qoraqalpog'istonda birgina “O'zsanoatqurilishbank” ATBning 1 ta bank xizmatlari ofisi, 6 ta bank xizmatlari markazi, 10 ta 24/7 rejimida ishlovchi shoxobchalar hamda yirik korxonalar negizida ochilgan 3 ta chakana amaliyot kassasi aholiga doimiy xizmat ko'rsatib kelayotgani buning misoli. Qonliko'lda ochilgan yangi bank xizmatlari markazida ham mijozlarga onlayn xizmatlar bo'yicha konsalting hamda kredit va omonatlarni rasmiylashtirish, hisob raqam ochish, valyuta ayirboshlash, xalqaro pul o'tkazmalari kabi bir qancha xizmatlar ko'rsatila boshladi. Ayni paytda 24/7 rejimida ishlovchi bank uskunalari to'liq ish holatiga keltirilgan. Markazda 5 nafar malakali xodim faoliyat yuritadi.

    Nafaqat bank tizimi, balki barcha sohalarda tadbirkorlarga qulayliklar yaratilib, har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani bejiz emas. Boisi, yurtimiz tadbirkorlari ham shunga javoban mehnat qilyapti, o'z ustida ishlab rivojlanyapti, odamlarni ishli qilib, xalq farovonligini ta'minlashga munosib hissa qo'shmoqda. Ularni hech ikkilanmay, ona zaminimizning har jabhadagi imkoniyatlarini ochayotgan, yurtimiz nomini dunyoga olib chiqayotgan katta kuch, deb ayta olamiz.

    Iroda TOMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 07.07.24-y, 135-sonida e'lon qilindi)