Qoʻshimcha taʼlimning yangi huquqiy asoslari: bolalar va kattalar uchun imkoniyatlar kengaydi

    Fikr 4 Noyabr 2025 413

    Yangi qonunchilik oʻzgarishlari bilan Oʻzbekistonda bolalar va kattalar uchun qoʻshimcha taʼlimning aniq huquqiy asoslari yaratildi. Endilikda taʼlim markazlari va sogʻlomlashtirish tashkilotlari orqali bilim olish imkoniyatlari rasman qonuniy jihatdan taʼminlanadi.

    2025-yil 23-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ–1091-son Qonuni qabul qilindi.

    Maktab yoshidagi bolalar bilan teng ravishda katta yoshdagilarning ham bilim olishga boʻlgan qiziqishi ortib borayotganligini inobatga olib, ularga ham oʻquv markazlari, axborot-kutubxona va sogʻlomlashtirish taʼlim tashkilotlari tomonidan taʼlim xizmatlari koʻrsatilmoqda.

    Mazkur Qonunda qayd etilganidek, bolalar va kattalarning oʻqishga boʻlgan qiziqishi ortib borayotganini hisobga olib, qoʻshimcha taʼlimning aniq huquqiy asoslarini yaratish va ularni qonunchilikda mustahkamlash zarur.

    Mazkur Qonun bilan 5 ta qonun hujjatlariga maktabdan tashqari taʼlimni qoʻshimcha taʼlim bilan almashtirishni, ushbu sohadagi faoliyat toʻgʻrisida xabardor qilish tartibini tasdiqlashni, shuningdek vakolatli organlarni belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

    Xususan,

    1) «Taʼlim toʻgʻrisida»gi Qonunning (2020-yil 23-sentyabr, OʻRQ–637-son) 11 ta moddasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Unga koʻra:

    a) Qoʻshimcha taʼlim bolalar va katta yoshdagilarning ijodiy qobiliyatini shakllantirishga hamda kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishga, intellektual va jismoniy takomillashuvga boʻlgan individual ehtiyojlarini qanoatlantirishga, sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga, sogʻligʻini mustahkamlashga va boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etishga qaratilgan boʻlib, u bolalar uchun qoʻshimcha taʼlimni hamda katta yoshdagilar uchun qoʻshimcha taʼlimni oʻz ichiga oladi.

    Katta yoshdagilar uchun qoʻshimcha taʼlim ularning taʼlimga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish, qoʻshimcha bilim va koʻnikmalarni egallashiga koʻmaklashish uchun tashkil etiladi.

    Qoʻshimcha taʼlim berish tartibi taʼlim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan belgilanadi;

    b) katta yoshdagilar uchun qoʻshimcha taʼlim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shaklidagi faoliyat esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligini belgilangan tartibda xabardor qilish orqali amalga oshiriladi;

    2) «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida»gi (2021-yil 14-iyul, OʻRQ–701-son) Qonunining ikkita ilovasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

    Mazkur Qonun bilan tasdiqlangan Vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlarining 11-pozitsiyasidagi «Maktabdan tashqari taʼlim faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik toʻgʻrisida xabarnoma» xabarnomaning nomi «Qoʻshimcha taʼlim faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik toʻgʻrisida xabarnoma» bilan almashtirildi. Bundan tashqari Xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar qatoriga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham kiritildi.

    Mazkur Qonun nafaqat bolalarning, balki barcha yoshdagi fuqarolarning qoʻshimcha taʼlim olishga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish, ularning qoʻshimcha kasbiy bilim va koʻnikmalarni egallashi uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida (www.lex.uz) eʼlon qilingan va 2025-yil 24-oktyabrdan kuchga kirdi.

    Farruxjon Fayziyev,

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi

    Yuridik taʼminlash boʻlimi boshligʻi