Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan qoʻshma sessiyani viloyat hokimi, Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi raisi Xayrullo Bozorov olib bordi.
Sessiya ishida Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev, viloyatdan saylangan Oliy Majlis Senati aʼzolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, viloyat hokimining oʻrinbosarlari, viloyat sektorlari rahbarlari, kun tartibiga kiritilgan masalaga aloqador davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Qoʻshma sessiya kun tartibidan yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga oʻqitish orqali bandligini taʼminlash, shuningdek, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar hamda yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha Fargʻona viloyati chegaraoldi tumanlarida amalga oshirilayotgan ishlarning holati masalalari oʻrin oldi.
Dastlab yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Fayzullo Qosimovning axboroti tinglandi.
Maʼruzachi bugungi kunda asosiy eʼtiborni “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ishlash istagida boʻlgan 81037 nafar yoshlarning bandligini taʼminlashga qaratilayotganligi, shu maqsadda, 2021-yil birinchi chorakda 16770 nafar, ikkinchi chorakda 35767 nafar, uchinchi chorakda qolgan 28500 nafar yoshlarni daromad keltiradigan sohalarda band qilish belgilab olinganligini maʼlum qildi.
Joriy yilning 17-21-may kunlari Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi ishchi guruhi tomonidan Yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha belgilangan vazifalarning viloyatning chegaraoldi tumanlarida amalga oshirilish holati oʻrganildi.
Qoʻshma sessiyada ushbu oʻrganish natijalari, aniqlangan kamchiliklar, ularni bartaraf etish choralari, shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi, ishchi guruh rahbari Baxtiyor Sayfullayev maʼruza qildi.
Shundan soʻng kun tartibidagi masalalar boʻyicha shahar-tuman studiyalaridan qatnashgan sektorlar rahbarlari bilan onlayn muhokamalar oʻtkazilib, bundan buyon yoshlar bandligini taʼminlash, ularni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha aniq maqsad va reja asosida ish tashkil etish boʻyicha kelishib olindi.
Sessiyada koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Sh.Toʻxtamatov.